To‘qayev Pashinyanni mukofotladi(video)
Olam
−
21 noyabr 2486 4 daqiqa
Bugun, 21 noyabr kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanni “Oltin Qiron” ordeni bilan mukofotladi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, To‘qayev mukofotlash marosimidagi nutqida Nikol Pashinyanni Armanistonning haqiqiy umummilliy yetakchisi deb hisoblashini, u mamlakat rivojlanishiga yangi energiya baxsh etib, davlat qurilishining barcha sohalaridagi islohotlarga kuchli turtki berganini qayd etgan.
“Sizning uzoqni ko‘ra biladigan rahbarligingiz ostida Armaniston barqaror taraqqiyot yo‘liga qat’iy qadam qo‘ydi, xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamladi, ichki bo‘ladimi yoki tashqi, har ikki yo‘nalishda o‘ylangan va mas’uliyatli siyosat olib borish borasida ibrat ko‘rsatdi. Murakkab geosiyosiy vaziyatda siz noodatiy, qat’iy qarorlar qabul qilish kabi qimmatli sifatni namoyon qildingiz, bu, shubhasiz, butun arman xalqiga foyda keltiradi. Shubhasiz, bu do‘st va birodar Armaniston tinch va barqaror rivojlanish yo‘lini tanlaganidan dalolat beradi, bunda sizning tarixiy xizmatlaringiz beqiyos. Ayniqsa, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik jarayonini ilgari surish va Vashingtonda yakuniy hujjatni imzolashdagi muhim rolingizni alohida ta’kidlamoqchiman”, deydi Qozog‘iston Prezidenti.
Qosim-Jomart To‘qayevning qayd etishicha, bugun qozoq-arman davlatlararo munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilmoqda.
“Bunga, asosan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishdagi sizning faol ishtirokingiz sabab bo‘ldi. Sizning favqulodda rolingiz va qozoq-arman munosabatlarini rivojlantirishdagi ulkan hissangizni e’tirof etgan holda, bugun sizga Qozog‘iston Respublikasining eng oliy davlat mukofoti – “Oltin Qiron” ordenini topshirish haqida qaror qabul qildim. Ishonchim komilki, bu voqea xalqlarimizning buzilmas birodarligi, o‘zaro ishonchi va kelajakka intilishining yana bir yorqin ramziga aylanadi”, deydi Qozog‘iston rahbari.
Nikol Pashinyan To‘qayevga va butun qozoq xalqiga Qozog‘istonning eng oliy davlat mukofotini topshirgani uchun minnatdorlik bildirgan va bu mukofotni arman xalqiga bo‘lgan alohida hurmat belgisi sifatida qabul qilishini aytgan.
“Birodar Qozog‘iston Respublikasining eng oliy mukofotiga sazovor bo‘lish va uni shaxsan sizning qo‘lingizdan olish men uchun katta sharaf. Siz juda tajribali siyosatchi, davlat arbobi, diplomatsiz, sizning bahoyingiz katta ahamiyatga ega. Ishonchim komilki, bu mukofot nafaqat ikki tomonlama munosabatlarning, balki butun bizning katta mintaqamzning ham bundan keyingi rivojlanishiga xizmat qiladi”, deydi Armaniston Bosh vaziri.
Ma’lumot uchun, Nikol Pashinyan kecha, 20 noyabr kuni Qozog‘istonga uchib kelgan. Uning tashrifi ikki kun davom etadi. Armaniston Bosh vaziri ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha bir qator uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan. Bugun, 21 noyabr kuni Qosim-Jomart To‘qayev va Nikol Pashinyan kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazgan.
Qayd etish joiz, “Oltin Qiron” Qozog‘iston Respublikasining eng yuqori darajali ordeni bo‘lib, u bilan Qozog‘iston Respublikasi oldida alohida xizmat qilgan shaxslar taqdirlanadi. “Oltin Qiron” ordeni bilan taqdirlanishga nomzodlar Qozog‘iston Prezidenti tomonidan belgilanadi.
Shu paytgacha ushbu orden bilan Rossiya Federatsiyasi prezidenti Boris Yelsin (1997 yil 27 fevral), O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov (1997 yil 2 iyun), Ukraina prezidenti Leonid Kuchma (1999 yil 7 sentyabr), Xitoy Xalq Respublikasi raisi Szyan Szemin (1999 yil 19 noyabr), Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya qirolichasi Yelizaveta II (2000), Germaniya kansleri Gerxard Shryoder (2003 yil 5 dekabr), Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin (2004 yil 8 yanvar), Misr prezidenti Muhammad Husni Muborak (2008 yil 13 may), Yaponiya imperatori Akixito (2008 yil 30 may), Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Xalifa bin Zayed Ol Nahayon (2009 yil 20 fevral), Finlyandiya prezidenti Tarya Halonen (2009), Koreya Respublikasi prezidenti Li Myon Bak (2009 yil 4 may), Fransiya Respublikasi prezidenti Nikolya Sarkozi (2009 yil 5 oktyabr), Turkiya prezidenti Abdulla Gul (2012), o‘sha paytdagi Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘an (2012), Ispaniya qiroli Xuan Karlos I (2013 yil 1 fevral), o‘sha paaytdagi Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov (2022), Saudiya Arabistoni podshohi Salmon ibn Abdul-Aziz Ol Saud (2022), Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev (2022 yil 23 avgust), Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin (2022 yil 14 sentyabr), Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy (2022 yil 11 oktyabr), Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon (2023 yil 2 may), O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (2024 yil 8 avgust), Iordaniya podshohi Abdulloh II ibn Husayn (2025 yil 19 fevral), Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov (2025 yil 22 avgust) va Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill (2025 yil 17 sentyabr) mukofotlangan.
Live
Barchasi