To‘qayev Ostonada Lavrovni qabul qildi
Olam
−
07 noyabr
2068Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 7 noyabr kuni Ostona shahriga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
Rossiya TIV rahbarini Qozog‘istonga tashrifi bilan qutlar ekan, Qosim-Jomart To‘qayev ikki tomonlama hamkorlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhida jadal rivojlanib borayotganini qayd etdi. Bunga oliy darajadagi muntazam siyosiy muloqotlar, ikki mamlakat hukumatlari va parlamentlarining muvofiqlashtirilgan faoliyati ko‘p jihatdan yordam berayotgani alohida ta’kidlandi.
Suhbat chog‘ida Rossiya Prezidentining Qozog‘istonga bo‘lajak davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.
“Biz ushbu tashrifga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. O‘ylaymizki, bu davlatlararo munosabatlarimizda muhim voqea bo‘ladi. Bizning munosabatlarimiz namunali va jadal rivojlanmoqda. Bo‘lajak tashrif strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarimizga qo‘shimcha turtki beradi”, dedi Prezident.
Sergey Lavrov Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning barcha asosiy masalalari, jumladan, bo‘lajak tashrif kun tartibi ikki davlat hukumatlari va Tashqi ishlar vazirliklari darajasida puxta ishlab chiqilayotganiga ishontirdi.
Rossiya TIV rahbari Ostonada MGIMO 80 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etgani va diplomatik doiralar va ommaviy axborot vositalarida keng rezonansga ega bo‘lganu uchun Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga minnatdorlik bildirdi.
Suhbatdoshlar mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarni, jumladan, ko‘p tomonlama tuzilmalar va integratsion birlashmalar doirasidagi hamkorlikni muhokama qildi.
Ma’lumot uchun, Rossiya rahbari Vladimir Putinning Qozog‘istonga davlat tashrifi 27 noyabr kuniga rejalashtirayotgani Kreml voizi Dmitriy Peskov tomonidan tasdiqlangan.
LiveBarchasi