To‘qayev Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisini yana lavozimida olib qoldi

Olam

image

Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Yermek Sagimbayev respublika Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev qayta saylanganidan keyin o‘z lavozimini saqlab qoldi. Bu haqda bugun, 28 noyabr kuni davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi. 

“Yermek Aldabergenovich Sagimbayev Qozog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi etib tayinlansin”, deyiladi davlat rahbari tomonidan imzolangan farmonda. 

MXQning sobiq rahbari Karim Masimov mamlakatdagi “qonli yanvar” voqealari sabab To‘qayevning 5 yanvardagi farmoni bilan ishdan bo‘shatilgandi. Shu kuni Davlat qo‘riqlash xizmatlarining sobiq rahbari Sagimbayev qo‘mita yangi rahbari etib tayinlandi. 

Prezidentning bugun, 28 noyabr kuni e’lon qilingan boshqa farmonlariga ko‘ra, Oljas Bektenov Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi rahbari, Janat Elimanov Moliyaviy monitoring agentligi rahbari, Aset Irgaliyev Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi rahbari va Saken Isabekov Davlat qo‘riqlash xizmatlari rahbari lavozimlarini saqlab qoldi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida To‘qayev g‘olib chiqdi. 26 noyabr kuni inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tdi. Qonunchilikka ko‘ra, mamlakatning yangi saylangan rahbari o‘z lavozimiga kirishishi bilan unga bevosita bo‘ysunuvchi va hisob beruvchi davlat organlari rahbarlarining, shuningdek, viloyatlar rahbarlarining vakolatlari tugatiladi. Shu kunning o‘zida Prezidentning farmoni imzolandi, unga ko‘ra, mas’ul davlat organlari, shuningdek, viloyatlar va respublika ahamiyatiga molik shaharlar rahbarlari yangi tayinlovlargacha o‘z vazifalarini bajaradilar.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

42

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing