To‘qayev Qozog‘istonni Oltin O‘rdaning vorisi deb e’lon qildi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev o‘z mamlakati Oltin O‘rdaning vorisi ekanligini e’lon qildi va uning siyosiy hamda iqtisodiy modelini o‘rganishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 19 may kuni “Oltin O‘rda dasht sivilizatsiyasi modeli sifatida” forumining ochilishida gapirib o‘tdi.

To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston Konstitutsiyasining yangi tahririda Buyuk Dashtning uzviyligi va uning tarixiy merosi mustahkamlab qo‘yilgan. To‘qayev Jo‘ji ulusi gullagan davrda uning hududi 6 million kvadrat kilometrdan oshganini, O‘rdada 100 ga yaqin shahar bo‘lganini va jo‘jilar sulolasining hokimiyati olti asrdan ko‘proq vaqt davomida saqlanib qolganini qayd etgan. 

U O‘rdaning pul tizimiga alohida e’tibor qaratgan.

“Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, [O‘rdada] 28 millionga yaqin kumush tanga zarb qilingan. Qozog‘iston milliy valyutasining nomi – tenge – O‘rdaning “dang” so‘ziga borib taqalishi ramziy ma’noga ega bo‘lib, rus tilidagi “dengi” so‘zi ham katta ehtimol bilan aynan shundan kelib chiqqan. Bu Oltin O‘rda mintaqadagi pul munosabatlari standartlariga asos solganining yaqqol isbotidir”, deydi To‘qayev.

Yaqinda Qozog‘iston Milliy banki Oltin O‘rdaga bag‘ishlangan ming dona kumush tanga chiqardi.

Prezident Oltin O‘rda tarixini qayta mushohada qilish zarurligini qayd etgan va tarixiy merosni nizo vositasiga aylantirmaslikka chaqirgan. 

Ma’lumot uchun, Oltin O‘rda – XIII asr o‘rtalarida Chingizxon avlodlari tomonidan asos solingan va o‘rta asrlarda Osiyo hamda Yevropaning ulkan hududlarini qamrab olgan qudratli davlat. O‘z davrida imperiya hududi Sibirning g‘arbidan Dunay daryosigacha (hozirgi Qozog‘iston, Rossiyaning Yevropa qismi, Ukraina, Moldova, Ozarbayjon va Xorazm yerlari) cho‘zilgan bo‘lib, 6 million kv. km dan ortiq maydonni egallagan. XIV asr oxirida Oltin O‘rda ichki nizolar tufayli zaiflashgan. Mamlakatning uzil-kesil inqirozga uchrashiga Amir Temurning To‘xtamishxonga qarshi yurishlari (1391 va 1395 yillardagi janglar) zarba bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing