To‘qayev Qozog‘iston gerbini o‘zgartirishni taklif qildi
Olam
−
15 mart
5934Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev davlat gerbini o‘zgartirishni taklif qildi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston Prezidenti boshchiligida bo‘lib o‘tgan qurultoyda bir qator ekspertlar, jamoatchilik faollari davlat ramzlarining butun tizimini modernizatsiya qilish zarurligi muhokama qilingan.
“Mutaxassislar va manfaatdor fuqarolar, jumladan, yoshlarning Qozog‘iston gerbini sezishi juda qiyin, unda eklektizm va sobiq sovet davri belgilari borligi haqidagi asosli dalillarni inobatga olish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman. Agar umumiy kelishuv bo‘lsa, barcha jihatlarni mohiyatan ko‘rib chiqadigan va jamoatchilik muhokamasini o‘tkazadigan maxsus komissiya tuzish mumkin bo‘lardi”, deydi Qozog‘iston rahbari.
Shuningdek, qurultoyda Prezident yangi davlat gerbining eng yaxshi eskizini yaratish uchun ochiq tanlov e’lon qilishni taklif qildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda bunday tashabbus “Jana Adamdar” yoshlar harakati tomonidan ilgari surilgan edi.
Qo‘shni Qirg‘izistonda esa o‘tgan yili davlat bayrog‘i o‘zgartirildi.
Rayhona Ulkanbayeva