To‘qayev Fransiyani YeIdagi “eng ishonchli hamkor” deb atadi

Olam

image

Fransiya Qozog‘istonning muhim savdo hamkori va Ostona bu mamlakat bilan aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdor. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 1 noyabr kuni Ostonada Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan ikki davlat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida o‘tgan kengaytirilgan muzokaralar chog‘ida so‘z ochdi. 

Qozog‘iston Prezidenti Fransiya rahbarining Ostonaga ilk tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojiga kuchli turtki va ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish imkonini berishini aytgan. 

“Fransiya Qozog‘istonning Yevropa Ittifoqidagi muhim va ishonchli hamkoridir. O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshib, 4 milliard dollarga yetdi. Joriy yilning sakkiz oyida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilga nisbatan 21 foizga oshib, 2,7 milliard dollarni tashkil etdi”, deydi Prezident. 

To‘qayevning ma’lum qilishicha, Fransiya Qozog‘iston iqtisodiyotiga qariyb 18,7 milliard dollar sarmoya kiritgan. Energetika, qurilish, aerokosmik, farmatsevtika, tog‘-kon va kimyo sanoati, mashinasozlik kabi sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Davlat rahbari Fransiya Prezidentining o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida ta’kidlab, Qozog‘iston ikki mamlakat xalqlari farovonligi yo‘lida hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanini tasdiqlagan. 

Muzokaralar davomida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini, jumladan, yashil energiya, logistika, tranzit, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish va ta’lim sohalarini ham belgilab olgan. 

Qozog‘iston rahbari o‘z nutqida madaniy aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib, Qozog‘istonda fransuz madaniyati va tilini keng targ‘ib etish zarurligini bildirgan.  

O‘z navbatida Emmanuel Makron mamlakatlar Strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimning 15 yilligini nishonlayotganini qayd etib, Fransiya tomonlarni qiziqtirgan turli sohalarda ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash tarafdori ekanini tasdiqlagan. 

“O‘ylaymanki, iqtisodiy aloqalarimiz, jumladan, qishloq xo‘jaligi, energetika, qayta tiklanadigan energetika sohalaridagi munosabatlarimizga yangi sur’at beriladi. Biz mavjud loyihalarga ham, yangi tashabbuslarga ham investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bundan tashqari, madaniy-gumanitar hamkorligimiz jadal rivojlanmoqda. Ta’lim va fan sohalarida aniq kelishuvlarga erishildi. Qozog‘iston-fransuz universiteti o‘z faoliyatini 2024 yil sentyabr oyida boshlashni rejalashtirmoqda”, degan Fransiya Prezidenti.

Bundan tashqari, ikki davlat rahbarlari mintaqaviy va global kun tartibining asosiy masalalari bo‘yicha ijobiy va barqaror hamkorlik muhimligini ta’kidlab, xalqaro tashkilotlar orqali muloqotni chuqurlashtirish zarurligini urg‘ulagan. 

Eslatib o‘tamiz, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bugun, 1 noyabr kuni Qozog‘istonga tashrifini yakunlab, Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan O‘zbekistonga tashrifni amalga oshiradi. 

Tashrif dasturiga muvofiq, Samarqand shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi, ularda O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Savdo-iqtisodiyot, innovatsiya, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari e’tibor markazida bo‘ladi.

O‘zbekiston va Fransiya rahbarlari ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari ishtirokidagi qo‘shma biznes forumi ishida ham ishtirok etadilar.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Frantsiya Emmanuel' Makron Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing