To‘qayev amerikalik senatorga davlatlar terrorizmga qarshi birlashishi kerakligini aytdi
Olam
−
26 mart
2124Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev davlatlar terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro koalitsiya doirasida kuchlarini birlashtirishi kerak, deb hisoblaydi. Bu haqda u AQSH Senati a’zosi Stiv Deyns bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Oqo‘rda matbuot xizmatining xabar berishicha, suhbat chog‘ida xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik masalalariga e’tibor qaratilgan.
“Prezident shu nuqtai nazardan, Qozog‘iston dunyoda birinchilardan bo‘lib Moskva viloyatidagi vahshiy terrorchilik harakatini keskin qoralaganini va Rossiya bilan birdamligini ta’kidladi. Qosim-Jomart To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, terrorizmga qarshi kurashda barcha davlatlar, bir-biri bilan munosabatlaridagi qarama-qarshiliklarga qaramay, keng ko‘lamli xalqaro koalitsiya doirasida kuchlarni birlashtirishi kerak. Qozog‘iston bu zarur ishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor”, deyiladi xabarda.
Muzokaralar chog‘ida savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashilgan.
Qozog‘iston rahbari mamlakatda investitsiyalarni jalb qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish va sanoatni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari energetika, foydali qazilmalarni qidirish va qayta ishlash, infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqa sohalardir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Montana shtatidan saylangan senator Stiv Deyns 2023 yilda Markaziy Osiyodan 50 ming kishi (ulardan 17 ming nafari o‘zbekistonlik) AQSH chegarasini kesib o‘tganini aytgandi.
LiveBarchasi