To‘qayev Afg‘onistondagi vaziyatning Qozog‘istonga ta’siri haqida gapirdi

Olam

image

Afg‘onistonda sodir bo‘layotgan voqealar Qozog‘iston uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lmasa ham, ma’lum xavflarni tug‘diradi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 22 avgust kuni Olmaota viloyatida o‘tkazilgan “Qaysar-2021” tezkor-taktik mashg‘ulotlariga tashrifi chog‘ida aytib o‘tdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat har qanday qiyinchiliklarga javob berishga tayyor bo‘lishi kerak.

“Xalqaro vaziyatning keskinlashuvi sharoitida bizning kuch tuzilmalarimiz maksimal darajada tezkor bo‘lishi kerak. Afg‘onistondagi vaziyat sabab jamiyatda tushkunlik va xavotir kuchayayotganini ko‘ryapmiz”, deydi To‘qayev. 

Davlat rahbari Afg‘onistondagi keskinlik Qozog‘iston uchun ma’lum xavflarni tug‘dirayotgani va shu sababli vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatish hamda har qanday qiyinchiliklarga munosib javob berishga tayyor bo‘lish kerakligini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olganiga munosabat bildirib, toliblar “jangovar harakatlar to‘xtatilganini e’lon qilganini, jamoat tartibini o‘rnatishni boshlaganini va mahalliy aholi hamda xorijiy diplomatik vakolatxonalar xavfsizligini kafolatlashga va’da berganini” ta’kidlagan. Shuningdek, Putin “Tolibon” o‘z so‘zida turishiga umid bildirgan. 

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. 

Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

134

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing