Tug‘ilishga shoshilganlar qismati: ular yashab keta oladimi?
Salomatlik
−
17 noyabr 2020
57730Onalik va bolalik jamiyatning muhim qatlami. Sog‘lom onadan sog‘lom bola tug‘iladi. Biroq, ayollarning o‘z sog‘lig‘iga bo‘lgan e’tiborsizligi tug‘ilajak bolaga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Misol uchun, erta tug‘ilish. Ma’lumotlarga ko‘ra, sayyoramizda har yili 15 millionga yaqin bola muddatidan oldin tug‘iladi. Bu bolalarning bir milliondan ortig‘i yashab keta olmaydi. Dunyo bo‘yicha chaqaloqlar o‘limining yarmidan ko‘piga erta tug‘ilish sabab bo‘lmoqda. Shunday ekan erta tug‘ilish ham Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini tashvishga solayotgan muammolar qatorida turibdi. 2009 yildan buyon Yevropadagi Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarish qilish jamg‘armasi (EFCNI) 17 noyabrni Butunjahon prematuriya ya’ni erta tug‘ilgan chaqaloqlar kuni sifatida nishonlab kelmoqda.
Erta tug‘ilish nima?
Chaqaloq 22 dan 37 haftagacha bo‘lgan davrda tug‘ilsa va 500 dan 2500 gramm vaznda bo‘lsa, unga nisbatan erta tug‘ilish tashxisi qo‘yish mumkin? Demak, erta tug‘ilish normal homiladorlik – 40-hafta davri tugashidan oldin tug‘ilgan chaqaloqqa nisbatan ishlatiladi. Bunday bolalarning yashab ketish ehtimoli juda past. Biroq tibbiyot yil sayin rivojlanib bormoqda. Bola bir hafta davomida yashash uchun o‘zida kuch topa olsa uning keyingi rivojlanishi ehtimoli ancha yaxshilanadi. Erta tug‘ilish homilaning davomiyligiga qarab uch darajaga bo‘linadi:
1) Juda erta – tug‘ilish homiladorlikning 22-27 haftaligida, chaqaloq og‘irligi bir kilogramdan oshmagan holatda;
2) Homila 28-33 haftaligida tug‘iladi. Vazni esa, birdan ikki kilogramgacha bo‘lishi mumkin;
3) Homiladorlikning 34-37 xaftaligida muddatidan oldin tug‘ilish – bola 2,5 kg gacha vaznga ega bo‘ladi.
Erta tug‘ilish sabablari
Bolalarning erta tug‘ilishiga bir qancha sabablar bor. Bugungi kunda yer yuzida kuchli tabaqalanish mavjud. Qayerdadir yeguliklar shunchaki tashlab yuborilayotgan bo‘lsa, boshqa joyda odamlar ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan past darajada yashaydi. To‘yib ovqat yemaslik ayollarda turli xil kasalliklar, jumladan erta tug‘ishga sabab bo‘ladi. Bu muammo faqat qoloq davlatlarda emas, balki, rivojlangan Yevropa mamlakatlarida ham bor. Ayollar orasida nikotin, spirtli ichimliklar iste’mol qilish kabi salbiy odatlar yil sayin ko‘payib bormoqda. Qolaversa, irsiyat, siydik yo‘li infeksiyalari, genital organlarning yallig‘lanishi, og‘ir somatik kasalliklar, erta jinsiy aloqa hamda genital organlarning funksiyalarining buzilishi ham bolaning erta tug‘ilishiga sabab bo‘ladi.
Kasallikni klinik belgilari
Albatta, har bir kasallikning o‘ziga xos belgilari mavjud. Erta tug‘ilish ham ma’lum bir ishoralar bilan o‘zini namoyon qiladigan holat. Qorinning pastki qismida va pastki orqa tomonda og‘riq paydo bo‘ladi. Bundan tashqari:
• bachadonning kramp og‘rig‘i va peristaltikasi;
• quviq va qinga bosimning oshishi;
• peshob chiqarishning ko‘payishi;
• qon ketishi;
• homila kamroq harakatga keladi;
• amniotik suyuqlik ajralib chiqadi.
Erta tug‘ilish nima uchun xavfli?
Muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarning yashab ketish ehtimoli past bo‘lgani bois, ular boshqalarga qaraganda bir necha barobar kuchliroq bo‘lishlari kerak. Ularda quyidagi tug‘ma xastaliklar uchrashi mumkin:
• nafas olish muammolari;
• oziqlanish qiyinchiliklari;
• miyaning yarim falajlanishi;
• rivojlanishning kechikishi;
• eshitish bilan bog‘liq muammolar.
Davolash usullari
Olimlar tomonidan erta tug‘ilishning aniq sabablari va oldini olish yo‘llari hali aniqlanmagan. Biroq, ayollar homiladorlik davrida amal qilishi kerak bo‘lgan bir qancha tavsiyalar bor:
• homiladorlik davri boshlanganda bo‘lajak ona o‘zidagi surunkali infeksiyalar va boshqa kasalliklarga qarshi davolanishi;
• homiladorlikdan oldin erta tug‘ilish, abort holatlari bo‘lsa, homilani doimiy monitoring qilib borish;
• erta tug‘ilishni keltirib chiqaradigan infeksiyalar o‘chog‘ini, ayniqsa, yo‘g‘on ichak shilliq qavatning yallig‘lanish kasalliklarini aniqlash va davolash kerak.
Qiziqarli faktlar
Erta tug‘ilgan chaqaloqlarning hammasi ham nogiron yoki aqlan zaif bo‘lavermaydi. Tarixda buning isboti ko‘p:
Napoleon Bonapart – 1769 yilda tug‘ilgan. Tarixchilar uning kichik jussasi muddatidan oldin tug‘ilganidan darak berishini yozadi;
Mark Tven – 1835 yilda tug‘ilgan. Amerikalik mashhur yozuvchi muddatidan 2 oy avval tug‘ilgan;
Uinston Cherchil – 1874 yilda tug‘ilgan. Ingliz siyosatchisi va davlat arbobi ham roppa rosa yetti oyligida dunyoga kelgan.
Karim ZARIPOV
LiveBarchasi