Tugatilgan Tog‘li Qorabog‘ning uch sobiq prezidenti qo‘lga olindi
Olam
−
04 Oktabr 2023
6529Ozarbayjon Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tan olinmagan va tugatilgan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining sobiq prezidentlari – Arkadiy Gukasyan, Bako Saakyan va Araik Arutyunyanni qo‘lga oldi. Bu haqda Ozarbayjonning APA agentligi xabar berdi.
Ular bilan birga respublika parlamentining sobiq spikeri David Ishxanyan ham hibsga olingan. Sobiq prezidentlar va spiker ularga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida Bakuga olib kelingan. Agentlik tergov qaysi moddalar bo‘yicha olib borilayotganiga aniqlik kiritmagan.
Arkadiy Gukasyan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining ikkinchi prezidenti bo‘lib, uni 1997 yildan 2007 yilgacha boshqargan. Uchinchi prezident Bako Saakyan 2007 yildan 2020 yilgacha tan olinmagan respublikani boshqargan.
Arayik Arutyunyan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ni 2020 yilning mayidan 2023 yilning 1 sentyabriga qadar boshqargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon chegarachilari tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi hukumatining sobiq rahbari Ruben Vardanyanni Armaniston hududiga o‘tmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olgandi.
Bundan tashqari, Ozarbayjon huquq-tartibot idoralari sobiq tashqi ishlar vaziri va tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ rahbari maslahatchisi David Babayanni ham qo‘lga olib, tergovga topshirgandi.
Joriy yilning 19 sentyabriga o‘tar kechasi Qorabog‘da Armaniston Qurolli kuchlarining qo‘poruvchi-diversiv guruhi tomonidan o‘rnatilgan tankka qarshi mina portlab ketishi ortidan olti nafar ozarbayjonlik halok bo‘lgandi. O‘sha kuni Baku “mahalliy aksilterror choralari” boshlanganini e’lon qildi va arman harbiylarini mintaqadan olib chiqib ketishni talab qildi. Yerevan Qorabog‘da arman Qurolli kuchlari yo‘qligini ta’kidlab, sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi. 20 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da aksilterror tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. 28 sentyabr kuni xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi uning rahbari Samvel Shahramanyan tomonidan imzolangan farmon bilan tugatildi.
Shundan so‘ng, Armaniston Qorabog‘dagi armanlarga nisbatan irqiy kamsitishlar ayblovi bilan Ozarbayjonga qarshi Gaaga xalqaro arbitraj sudiga da’vo arizasi kiritdi. Ozarbayjon tomoni mazkur holatga izoh berib, da’voning asossiz va bema’ni ekanini bildirdi. 29 sentyabr kuni Ozarbayjon BMT missiyasini Qorabog‘ga taklif qildi va BMT delegatsiyasi tan olinmagan va tugatilgan Tog‘li Qorabog‘ga bordi.
LiveBarchasi