Tugatilgan davlat organlari binolari talabalar yotoqxonasiga aylantiriladimi?
Jamiyat
−
29 dekabr 2022
8282Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan bir qancha davlat boshqaruvi organlari vazifa va funksiyalari tegishli vazirlik va idoralarga o‘tkazilgan holda tugatiladi.
Tugatilgan yoki qisqartirilayotgan davlat organlarining binolari esa auksion savdolariga qo‘yilishi, ularning sotilishidan kelib tushgan mablag‘lar esa ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilishi aytilmoqda.
Biroq, ijtimoiy tarmoq faollari va keng jamoatchilik ushbu binolarning talabalar yotoqxonalariga, maktab, universitet yoki shifoxonalarga aylantirishni taklif qilmoqda. Ularning taklifi qay darajada qanoatlantirilishi mumkin? Aynan mana shu savol bilan QALAMPIR.UZ jurnalisti Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani davomida mas’ullarga yuzlandi.
“Juda ham yaxshi taklif! O‘zi aslida “yashash standarti” degan tizim joriy qilishimiz kerak. Mahalada, aholi punktlarida nimalar bo‘lishi kerak? Yetmayotgan narsa bo‘lsa, birinchi o‘rinda davlat ijtimoiy ob’ektlarga e’tibor qaratishi kerak. Bunda albatta, binonining moslangan, moslanmaganini o‘rganish kerak. Chunki ertaga biz qaysidan korxonani shifoxonaga yoki ma’muriy binoni maktabga aylantirolmasligimiz mumkin. Agar imkoni bo‘lsa, aylantiriladi. Yo‘qsa, ortiqchasi sotiladi. Sotilgani ham bu zarar degani emas, u ertaga biznesga ishlaydi, ishlab chiqarish bo‘ladi, ish o‘rni yaratiladi. Shuning uchun har bittasiga individual yondashish kerak”, deya savolga javob berdi Adliya vaziri Akbar Toshqulov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov yangi talabalar turar joylarini qurish uchun Toshkentda yer yetishmasligi haqida aytgan edi.
LiveBarchasi