Sukerberg ham Trampni yo‘qlab bordi
Olam
−
28 noyabr 2024
3320Meta kompaniyasining bosh direktori Mark Sukerberg kecha, 27 noyabr kuni AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi. Bu haqda Trampning bosh maslahatchisi Stiven Miller “Fox News”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Miller texnologiya kompaniyasi rahbarining o‘z manfaatlari borligini ta’kidlab, Trampning ikkinchi prezidentlik muddatini “milliy yangilanish” imkoniyati sifatida ko‘rayotganini qo‘shimcha qilgan.
“Mark, shubhasiz, o‘z manfaatlari, kompaniyasi va rejalariga ega. Ammo u nafaqat Amerikada, balki butun dunyoda kuzatilayotgan o‘zgarishlarning tarafdori va ishtirokchisi bo‘lish istagini juda aniq tarzda ifodalab berdi”, deydi Miller.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sukerberg Floridada Trampning bo‘lajak ma’muriyati a’zolari bilan ham uchrashgan va kechki ovqatga taklif qilgani uchun Trampdan minnatdor ekanini qo‘shimcha qilgan.
Ma’lumot uchun, Sukerberg joriy yilning iyul oyida Pensilvaniya shtatining Batler shahrida Trampga qarshi uyushtirilgan suiqasddagi holatni izohlab, Trampni maqtagan edi.
“Donald Tramp yuziga o‘q tekkanidan keyin o‘rnidan turib, mushti bilan Amerika bayrog‘ini havoda silkitganini ko‘rish – hayotimda ko‘rgan eng ajoyib hodisalardan biri”, degan edi Meta rahbari.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 noyabr kuni Tramp Floridadagi qarorgohida NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashgandi. Tomonlar alyans oldida turgan global xavfsizlik masalalarini muhokama qilgandi.
Mohinur Karimova
LiveBarchasi