Transport vaziri, YHXX boshlig‘i hamda bir qancha amaldorlarga “hayfsan” berildi
Jamiyat
−
29 yanvar
7621Transport vaziri Ilhom Mahkamov, uning birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidov va “Toshshahartransxizmat” AJ raisi Anvar Jo‘rayevga hayfsan e’lon qilindi va oxirgi ogohlantirish berildi. Bu haqda Prezident raisligida bo‘lib o‘tayotgan uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Ushbu yig‘ilishda mazkur tizimda 3 ta vazirlik va idora, 3 ta inspeksiya, 5 ta kompaniya, hududlarda qurilish, uy-joy va kommunal xo‘jaligi sohalariga mas’ul hokim o‘rinbosarlari borligi, poytaxt va Toshkent viloyati hokimlariga qurilish va kommunal sohaga alohida o‘rinbosar berilganiga qaramay, bu kompleks xalq eng ko‘p norozi bo‘lib murojaat qiladigan sohalardan biri ekani qayd etildi.
Davlat rahbari qurilish sohasiga zamonaviy standartlarni joriy qilib, qurilish normalarini yangilash, ichimlik suvi tannarxi va tarmoqdagi yo‘qotishlarni kamaytirish, mahalliy aviareyslarni ko‘paytirish, Toshkent shahrida tirbandlikni kamaytirish va jamoat transportini yaxshilashdagi kamchiliklarni birma-bir sanab, mutasaddilarning bu boradagi ishlari qoniqarsiz ekanini bildirdi.
Shu munosabat bilan Transport vaziri Ilhom Mahkamov, uning birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidov va “Toshshahartransxizmat” AJ raisi Anvar Jo‘rayevga “hayfsan” e’lon qilindi va oxirgi ogohlantirish berildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024 yilda turgan vazifalar bo‘yicha o‘tkazilayotgan yig‘ilishda O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamov ogohlantirilgandi.
LiveBarchasi