Transafg‘on temiryo‘li qurilishi tez orada boshlanadi – Laziz Qudratov 

Olam

image

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Transafg‘on temiryo‘li qurilishi bo‘yicha amaliy ishlar tez orada boshlanishini ma’lum qildi. Bu haqda u joriy yilning 17 avgust kuni Qobul shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Afg‘oniston biznes-forumida so‘z ochdi.

Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurgandi. Tashrif doirasida o‘tkazilgan forumda vazir Qudratov ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik sohalariga to‘xtalib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston hamda O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro savdoni yanada oshirish va yaqin istiqbolda 3 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha katta rejalar tuzilgan. Bu borada joriy yil 1 oktyabrdan boshlab ikki mamlakat o‘rtasida imtiyozli savdo bitimi ishga tushadi. Ushbu hujjat doirasida kelishilgan qator mahsulotlar, shu jumladan, Afg‘onistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, gilamlar, marmar uchun import bojlari bekor qilinadi. Bu eksportyorlar uchun qulaylik yaratadi.

Shuningdek, Laziz Qudratov davlatlar o‘rtasidagi Ayritom–Hayraton chegara postida bojxona tizimi 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilganini aytdi. Uning qayd etishicha, bundan buyon mamlakatlar o‘rtasidagi avtomobillar qatnovi tun-u kun amalga oshiriladi. Bu ikki davlat tadbirkorlari ish faoliyatida qo‘shimcha 2 barobar ko‘p imkoniyat yaratadi. O‘zaro savdo hajmlarini yanada rivojlantiradi.

“Birodar afg‘on xalqiga qulaylik yaratish maqsadida yaqin kunlarda O‘zbekiston janubida Termiz xalqaro savdo markazini to‘liq ishga tushirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti. Markazga tashrif buyuruvchilar uchun 15 kunlik vizasiz rejim joriy qilindi. Afg‘oniston tadbirkorlari barcha soliqlardan ozod etiladi. Bugun markazdan foydalanish bo‘yicha hujjat imzoladik”, degan u.

Bundan tashqari, u transafg‘on temiryo‘l liniyasi qurilishini boshlash bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilayotganini bildirdi.

“Mazkur temiryo‘l barcha tadbirkorlarimizga katta imkoniyatlarni yaratib, o‘zaro savdoda qulay muhit yaratishga imkon beradi. Tez orada mazkur loyiha doirasida amaliy ishlar boshlanadi”, deya ta’kidlagan Laziz Qudratov.

O‘zbekiston hisob-kitoblariga ko‘ra, Afg‘oniston orqali o‘tadigan 760 km temiryo‘l Pokistonga yuklarni yetkazib berish muddatini taxminan besh kunga, transport xarajatlarini esa kamida 40 foizga qisqartiradi. Taxminlarga ko‘ra, qiymati 6 milliard dollargacha bo‘lgan loyiha 2027 yil oxirigacha yakunlanadi, 2030 yilgacha poyezdlar Transafg‘on temiryo‘li bo‘ylab yiliga 15 million tonnagacha yuk tashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yangi temir yo‘l yo‘nalishi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Rossiya, O‘zbekiston va Afg‘onistonni Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga tovarlar eksport qilish uchun Arab dengizidagi Pokiston portlari bilan bog‘laydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston-Afg‘oniston savdo aylanmasi yaqin yillarda 3 mlrd dollarga yetishi mumkinligi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Laziz Qudratov Transafg'on temiryo'l

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing