Trampning yordamiga qaramay, AQSH mundialni tark etdi

Sport

image

Bugun, 7 iyul kuni Belgiya milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati 1/8 final bosqichida AQSHni 4:1 hisobida mag‘lub etdi. Natijada belgiyaliklar chorak finalga yo‘l oldi AQSH esa mundialni tark etdi.

Sietl shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda belgiyaliklar safida Sharl de Ketelare 9 va 33-daqiqalarda dubl qayd etdi. Shuningdek, Xans Vanaken 57-daqiqada, Romelu Lukaku esa 90+3-daqiqada gol urdi. AQSHning yagona goliga Malik Tillman 31-daqiqada mualliflik qildi.

AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogun uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi. U Bosniya va Gersegovinaga qarshi avvalgi bahsda (2:0) qizil kartochka olgan edi. Biroq FIFA Intizom qo‘mitasi uning bir o‘yinlik diskvalifikatsiyasini bekor qilib, maydonga tushishiga ruxsat berdi. 

Xabarlarga ko‘ra, bu jarayonga AQSH Prezidenti Donald Trampning shaxsan o‘zi aralashgan. Biroq, shunga qaramay mezbonlar nimchorak finalda turnir bilan xayrlashishga majbur bo‘ldi.

Endilikda Belgiya terma jamoasi chorak finalda Ispaniyaga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv joriy yilning 10 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.

Belgiya o‘z tarixida to‘rtinchi marta Jahon chempionati chorak finaliga chiqdi. Jamoa 1986 yilgi mundialda to‘rtinchi o‘rinni egallagan, 2014 yilda chorak finalda musobaqani tark etgan, 2018 yilda esa uchinchi o‘rin sohibi bo‘lgan. 2022 yilgi Jahon chempionatida esa belgiyaliklar guruh bosqichidan o‘ta olmagan edi.

AQSH terma jamoasi esa 2002 yildan beri ilk bor Jahon chempionati chorak finaliga chiqish imkoniyatini qo‘ldan chiqardi. Shuningdek, amerikaliklar 2010 yildan buyon to‘rtinchi marta 1/8 final bosqichida musobaqa bilan xayrlashdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing