Trampning sobiq prokuroriga qarshi tergov boshlandi

Olam

image

AQSHda Hukumat amaldorlarining xatti-harakatlarini nazorat qiluvchi federal agentlik Oq uy rahbari Donald Trampga qarshi jinoyat ishlarini boshqargan sobiq maxsus prokuror Jek Smitga nisbatan tergov boshladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Agentlikning yozishicha, tergov Smitni 2024 yilgi prezidentlik saylovlariga ta’sir o‘tkazishga urinishda ayblagan respublikachi senator Tom Kotton tomonidan boshlangan.

Maxsus maslahat idorasi (OSC) agentlikka tergov Smitning federal amaldorlarga o‘z lavozimlaridan siyosiy faoliyat uchun foydalanishni taqiqlovchi “Xetch” qonunini buzishi mumkinligi bilan bog‘liqligini tasdiqladi. OSC davlat xizmatchilarining xulq-atvorini nazorat qiluvchi, lekin jinoiy javobgarlikka tortish vakolatiga ega bo‘lmagan mustaqil agentlik hisoblanadi.

Adliya vazirligining sobiq maxsus maslahatchisi Jek Smit Trampga qarshi ikkita ishni tekshirgan: biri maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash va ikkinchisi 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliy binosiga bostirib kirishga olib kelgan 2020 yilgi saylov natijalariga e’tiroz bildirishga urinish uchun. Ikkala ish ham sudgacha bormadi, bir qator apellyatsiyalar tufayli to‘xtab qoldi.

Donald Tramp saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng, Smit Adliya vazirligining amaldagi Prezidentni jinoiy javobgarlikka tortmaslik siyosatiga ishora qilib, ishni rasman to‘xtatdi, biroq u to‘plagan dalillar Trampni ayblash uchun yetarli bo‘lishi haqida hisobot chiqardi.

Senator Kotton Smitni “davlat xizmatchisi qiyofasiga kiruvchi siyosiy aktyor” deb atadi va u bila turib saylov jarayoniga aralashganini aytdi. Yanvar oyida iste’foga chiqqan Smit o‘ziga qarshi boshlangan tergov haqida hozircha izoh bermadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Adliya vazirligi tomonidan mamlakat Prezidenti Donald Trampning 2020 yilgi prezidentlik saylovi natijalarini sertifikatlashtirishga ta’sir o‘tkazishga urinishini tekshirish uchun tayinlangan maxsus maslahatchi Jek Smit o‘z lavozimini tark etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp tergov Jek Smit Xetch qonuni OSC Tom Kotton maxsus prokuror

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing