Trampning bojlariga qaramay, Xitoyda savdo rekord darajada o‘sdi
Olam
−
14 yanvar 2659 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy qilingan bojlarga qaramay, Xitoy 2025 yilda savdodan rekord darajada – trillion dollardan oshiq foyda oldi. Bunga mahalliy ishlab chiqaruvchilarning AQSHdan keladigan buyurtmalarni boshqa bozorlarga yo‘naltirishi sabab bo‘lgan. Shu tariqa, ular ishlab chiqarishni sekinlashtirishga qaratilgan Tramp ma’muriyatining navbatdagi uch yilligiga moslashmoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Bugun, 14 yanvar kuni e’lon qilingan bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, yil yakunida Xitoyning savdo profitsiti 1,189 trillion dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich dunyoning eng yirik 20 iqtisodiyotidan biri bo‘lgan Saudiya Arabistonining YAIMiga teng. Trillion dollarlik chegaradan Xitoy noyabr oyida ilk bor oshib o‘tgan.
“Global savdo o‘sish sur’atlari yetarli emas, Xitoy tashqi savdosi uchun tashqi muhit hanuz murakkab va jiddiyligicha qolmoqda”, deydi Xitoy Bojxona boshqarmasi vitse-prezidenti Vang Jun.
Donald Tramp o‘tgan yilning yanvarida AQSH Prezidentligiga qaytganidan buyon Pekinning yangilangan tarif bosimlariga bardoshliligi Xitoy kompaniyalarini Janubi-Sharqiy Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi bozorlariga faol chiqishga undagan. Bu orqali ular AQSH bojlarining salbiy ta’sirini qoplashga harakat qilmoqda. Ko‘chmas mulk bozoridagi uzoq davom etgan pasayish va ichki talabning sustlashuvi fonida Pekin eksportga tayanishga majbur bo‘lmoqda.
2025 yil dekabr oyida Xitoydan tashqariga jo‘natilgan yuklar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,6 foizga oshgan. Noyabr oyida bu ko‘rsatkich 5,9 foizni tashkil etgan. Co‘rovlarga ko‘ra, iqtisodchilar atigi 3 foizlik o‘sishni kutgan. Import hajmi esa noyabr oyidagi 1,9 foizdan so‘ng dekabrda 5,7 foizga oshgan va bu prognozlardan ancha yuqori bo‘lgan.
Mazkur ma’lumotlar e’lon qilingach, Xitoy yuani nisbatan barqaror qoldi. Shanxay Kompozit indeksi va CSI300 indeksi ertalabki savdolarda 1 foizdan ko‘proqqa oshgan.
O‘tgan yilda Xitoyning oylik eksport profitsiti yetti marta 100 milliard dollardan oshgan. Bu holat Tramp siyosati AQSHga yo‘naltirilgan eksportni cheklagan bo‘lsa-da, Xitoyning global savdosiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaganini anglatadi.
Xitoy avtomobilsozlik sanoati ham jadal o‘sishni namoyish etgan. O‘tgan yili avtomobil eksporti 19,4 foizga oshib, 5,79 million donaga yetgan, elektromobillar eksporti esa 48,8 foizga ko‘paygan. Xitoy 2023 yilda Yaponiyani ortda qoldirganidan so‘ng, ketma-ket uchinchi yil dunyodagi eng yirik avtomobil eksportchisi bo‘lib qolishi mumkin.
Xitoy, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan uzoq yillik bahslarga sabab bo‘lib kelgan quyosh energetikasi sohasidagi ayrim eksport soliq imtiyozlarini bekor qilgan hamda tashqi savdo qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritgan. Bu Pekinning ochiqroq savdo siyosatiga o‘tishga tayyorligini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, Tramp va Xitoy Raisi Si Szinpin o‘rtasida tariflar bo‘yicha vaqtinchalik kelishuvga erishilganiga qaramay, AQSHning Xitoy tovarlariga nisbatan 47,5 foizlik boj stavkalari hanuz saqlanib qolmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, bu daraja Xitoy kompaniyalarining AQSHga foydali eksport qilishi mumkin bo‘lgan taxminiy 35 foizlik chegaradan ancha yuqori.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xitoy Trampdan himoyalanishga qaror qilgani haqida xabar berilgandi. Agar AQSH Eron bilan hamkorlik uchun Amerika yetakchisi Donald Tramp tomonidan tasdiqlangan 25 foizlik bojlarni qo‘llasa, Xitoy o‘zining qonuniy manfaatlarini qat’iy himoya qiladi.
Live
Barchasi