Trampning ashaddiy tanqidchisi jinsiy zo‘ravonlikda ayblandi

Olam

image

AQSH Federal tergov byurosi (FBI) sobiq demokrat kongressmen Erik Svoluellning Vashingtondagi uyida jinsiy noo‘rin xatti-harakatlar haqidagi tergov doirasida tintuv o‘tkazdi. Bu haqda tergovdan xabardor manbaga tayanib “Reuters” xabar berdi.

Manbaning ma’lum qilishicha, FBI agentlari Svoluelldan San-Fransisko xalqaro aeroportida elektron qurilmalarini olib qo‘ygan va o‘tgan hafta oxirida uning Vashingtondagi uyini tintuv qilgan. Siyosatchining advokati hozircha izoh berish so‘roviga javob qaytarmagan.

Svoluell aprel oyida Kongressdagi mandatidan voz kechgan va Kaliforniya gubernatori lavozimi uchun saylovda ishtirok etishdan ham bosh tortgan. Bunga 4 nafar ayolning unga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikdan tortib, roziliksiz intim suratlar yuborishgacha bo‘lgan ayblovlarni ilgari surgani sabab bo‘lgan.

Svoluell o‘zining “noto‘g‘ri qarorlar”i uchun uzr so‘ragan, ammo unga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, ularga qarshi kurashishini bildirgan. Nyu-York va Los-Anjelesdagi mahalliy huquq-tartibot idoralari ham unga qo‘yilgan jinsiy zo‘ravonlik ayblovlari bo‘yicha tekshiruv boshlagan.

Bundan tashqari, AQSH Milliy xavfsizlik vazirligi Svoluell braziliyalik enagogani qonunga xilof ravishda ishga yollagani haqidagi da’volarni ham o‘rgangan. 

Ma’lumot uchun, Svoluell 2012 yilda ilk bor Kongressga saylangan va Prezident Donald Trampning ashaddiy tanqidchilaridan biri sifatida milliy miqyosda tanilgan. U 2019 yilda prezidentlikka nomzodini ham qo‘ygan, shuningdek, joriy yilda Kaliforniya gubernatorligi uchun saylovda asosiy da’vogarlardan biri hisoblangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning liberal “Yabloko” partiyasi yuqori lavozimli a’zosi Lev Shlosberg Ukrainadagi urushni qoralagani uchun 11 yil 1 oyga axloq tuzatish koloniyasiga hukm qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing