Trampni ahmoqqa chiqargan sobiq maslahatchiga jinoyat ishi ochildi
Olam
−
18 Oktabr 2025 4073 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Boltonga nisbatan maxfiy hujjatlardan noto‘g‘ri foydalanganlik ayblovi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda mamlakat Adliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, jinoyat ishida jami 18 band bor. Ularning 10 tasi “maxfiy” tamg‘asi ostidagi hujjatlarni noqonuniy saqlashga, yana 8 tasi esa maxfiy ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor etishga taalluqli. Har bir band bo‘yicha 76 yoshli Boltonni 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi kutmoqda.
Prokuraturaga ko‘ra, 2018 yildan boshlab Bolton o‘z lavozimidan foydalanib, ikki qarindoshi bilan ishga oid ma’lumotlarni shaxsiy elektron pochtasi va maxsus yaratilgan “Kelajak kundaligi” nomli chat orqali baham ko‘rgan. 2021 yilda eronlik xakerlar uning akkauntiga kirish huquqini qo‘lga kiritgan va oqibatda mingdan ortiq sahifalik yozuvlar, jumladan, AQSHning “xorijiy raqiblari” hamda Oq uy uchrashuvlari va razvedka brifinglarida olingan maxfiy ma’lumotlar ularning qo‘liga tushgan. Ayblov hujjatlarida Bolton Federal qidiruv byurosiga (FQB) xakerlik hujumi haqida xabar bergani, biroq maxfiy ma’lumotlar o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkinligini ogohlantirmagani qayd etilgan. Shuningdek, prokuratura uni uyida davlat siri bo‘lgan hujjatlarni noqonuniy saqlaganlikda ayblamoqda.
Joriy yilning 22 avgust kuni FQB Boltonning Vashingtondagi uyi va ofisida tintuv o‘tkazgandi. 17 oktyabrda esa u rasmiy ayblovlar e’lon qilingach, sudga o‘z ixtiyori bilan kelgan. Himoya tomoni ayblovlar Bolton 45 yillik faoliyati davomida yuritgan shaxsiy kundaliklarining ayrim bo‘laklariga asoslanganini aytmoqda. Uning advokati Ebb Louellga ko‘ra, bu yozuvlarda maxfiylik belgisi bo‘lmagan.
Bolton o‘zini aybsiz deb hisoblashini bildirib, sodir bo‘layotgan voqealarni “Trampni tanqidi qilishiga javoban siyosiy tazyiq, Stalinning NKVD uslublaridagi ta’qib” deb atagan.
“Men o‘z qonuniy harakatlarimni himoya qilish va uning hokimiyatni suiiste’mol qilganini fosh etish imkonini sabrsizlik bilan kutyapman”, deydi u.
Shuningdek, Bolton Tramp 2020 yilgi saylovlar arafasida uning “The room where it happened: a White House memoir” (“Bu sodir bo‘lgan xona: Oq uy xotiralari”) nomli memuarini chop etilishidan to‘xtatishga urinib, ammo bunga erisha olmaganini eslatgan. Mazkur kitobda Tramp “ahmoq” sifatida tasvirlangan. Shuningdek, memuarda Tramp Boltonga “Finlyandiya Rossiyaning bir qismi emasmi?” yoki “Buyuk Britaniyada yadroviy qurol bormi?” degan savollar bergani yozilgan.
Tramp esa jurnalistlarga bu ayblovlar haqida birinchi marta eshitayotganini aytib, Boltonni “yomon odam” deb atagan. Shunday qilib, Bolton so‘nggi haftalarda jinoyat ishi ochilgan Tramp tanqidchilarining uchinchisiga aylangan. Bungacha xuddi shunday ayblovlar FQBning sobiq direktori Jeyms Komi va Nyu-York bosh prokurori Letitsiya Djeymsga nisbatan ham ilgari surilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Federal qidiruv byurosi agentlari Jon Boltonning uyida tintuv o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi