Trampga suiqasd: Gumonlanuvchi qo‘lga olindi (video)

Olam

image

AQSH poytaxti Vashington shahrida Prezident Donald Tramp ishtirok etgan tadbirda yuz bergan otishma bilan bog‘liq gumonlanuvchining shaxsi ma’lum qilindi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumni sodir etgan shaxs – 31 yoshli Koul Tomas Allen bo‘lib, u Kaliforniya shtatining Torrans shahrida yashaydi. Biroq bu ma’lumot hozircha rasmiy huquq-tartibot idoralari tomonidan tasdiqlanmagan, tergov davom etmoqda.

Hodisa Washington Hilton mehmonxonasida Oq uy muxbirlari assotsiatsiyasining yillik kechki ovqati vaqtida sodir bo‘lgan. Tadbirda Trampdan tashqari vitse-prezident Jey Di Vens, birinchi xonim Melaniya Tramp va boshqa yuqori martabali amaldorlar ham ishtirok etgan.

Guvohlarning aytishicha, zal ichida birdaniga baland ovozlar yangragan va odamlar o‘q ovozlari eshitilganini bildirgan. Turli baholarga ko‘ra, 3–4 tadan 5–8 tagacha o‘q uzilgan bo‘lishi mumkin. Shundan so‘ng mehmonlar o‘zlarini himoya qilish uchun stol ostiga yashiringan.

AQSH Maxfiy xizmati xodimlari zudlik bilan Prezidentni o‘rab olib, sahnadan olib chiqib ketgan. Evakuatsiya vaqtida xavfsizlik xodimlari “Yo‘l oching, janob!” deya baqirgan, zalda esa ayrimlar “Xudo Amerikani asrasin” degan chaqiriqlarni aytgan.

Hozircha hodisa yuzasidan rasmiy tafsilotlar to‘liq ochiqlanmagan, tergov ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH harbiylari Donald Trampga qarshi suiqasd rejasiga aloqador deb hisoblangan eronlik amaldorni yo‘q qilgandi.

Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Vashington

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing