Tramp Japarov bilan ham muzokara o‘tkazdi

Olam

image

Kecha, 6 noyabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Vashington shahrida AQSH rahbari Donald Tramp bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Japarovning matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Qirg‘iziston va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari, siyosiy aloqalar, moliyaviy texnologiyalar hamda sun’iy intellekt sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan. 

Japarovning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston boshqa davlatlardan farqli ravishda neft va gaz zaxiralariga ega bo‘lmasa-da, mamlakatning eng katta boyligi bu – bilimli yoshlar. Unga ko‘ra, qirg‘iz yoshlarining aksariyati IT yo‘nalishini faol o‘rganmoqda.

Prezident, shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan qabul qilingan va dunyodagi eng ilg‘or huquqiy hujjatlardan biri sifatida baholanayotgan stabilkoinlarni tartibga soluvchi Genius Act qonuniga ham e’tibor qaratgan.

Japarov Qirg‘izistonda raqamli moliyaviy vositalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirgan. Xususan, milliy stabilkoin – KGST ishga tushirilgani va davlat kripto-rezervini yaratish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani aytilgan. 

O‘z navbatida, Donald Tramp Sadir Japarovni samimiy kutib olib, ikki davlat munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini ta’kidlagan. AQSH Prezidenti yuqori darajadagi konstruktiv muloqot kelgusida hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirgan. 

Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston hukumatining rasmiy milliy stablkoini KGST deb ataladi. U davlat tomonidan nazorat qilinadi va qiymati milliy valyuta yoki aktivlar bilan ta’minlanadi, shu sababli kursi keskin o‘zgarib ketmaydi. KGST’ning asosiy maqsadi mamlakat ichida raqamli to‘lovlarni soddalashtirish, pul aylanishini tezlashtirish va fintech sohasini rivojlantirishdir. Uni davlat xizmatlari, savdo va elektron to‘lovlarda qo‘llash rejalashtirilgan. KGST uchun maxsus hamyon va blokcheyn tizimi ishlab chiqilmoqda. Prezident Sadir Japarov bu orqali davlatning kripto-rezervi shakllantirilishini ham ma’lum qilgan. Loyiha Qirg‘izistonni Markaziy Osiyoda raqamli iqtisodiyot bo‘yicha ilg‘or davlatlardan biriga aylantirishni ko‘zlaydi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Vashington shahriga amaliy tashrifi doirasida Oq uyda Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing