Tramp jamoasiga yana bir teleboshlovchini qo‘shdi – WSJ
Olam
−
16 noyabr
1646AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp “Fox Business” telekanali boshlovchisi va iqtisodchi Larri Kadlouni iqtisodiyot va moliya sohasida yuqori lavozimga tayinlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Trampning maslahatchilari Kadlouni Milliy iqtisodiy kengash rahbari lavozimiga nomzod sifatida ko‘rib chiqqan. U ushbu lavozimga Trampning birinchi prezidentlik davrida ham egalik qilgan. Bundan tashqari, Kadlou Moliya vaziri lavozimiga ham ko‘rib chiqilishi mumkinligi aytilmoqda.
“Reuters” nashriga ko‘ra, Kadlouga avvalgi lavozimiga qaytish taklif qilingan, ammo u bu taklifni rad etgan. Chunki 77 yoshli iqtisodchi televideniye sohasidagi ishini tark etishni rejalashtirmayapti. U yaqinda “Fox Business” telekanalida o‘z nomidagi dasturini davom ettirish bo‘yicha yangi shartnoma imzolagan.
Ma’lumot uchun, Kadlou 2001-2014 yillarda CNBC telekanalida bir nechta dasturlarni olib borgan. U 2018 yilning aprelida Oq uyda ish boshlagan. AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden ma’muriyatida uning o‘rnini Brayan Diz egallagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp “Fox News” telekanali boshlovchisi Pit Xegsetni Mudofaa vaziri lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatgandi. 44 yoshli Xegset AQSH Milliy gvardiyasi faxriysi bo‘lib, u Afg‘oniston, Iroq va Kubaning Guantanamo hududida xizmat qilgan. Xegset 2014 yildan buyon “Fox” telekanalida ishlamoqda. Shuningdek, Donald Tramp Tulsi Gabbardni AQSH Milliy razvedkasi direktori lavozimiga tayinlashga qaror qilgani xabar qilingandi. Tulsi Gabbard ham o‘tmishda “Fox News” telekanalida siyosiy sharhlovchi bo‘lgan.
LiveBarchasi