Tramp Zelenskiyni tanqid qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni Rossiya bilan jang qilish qarori uchun tanqid qildi. Bu haqda “Fox News” xabar berdi.

“Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan urush boshlanishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak edi, lekin u kattaroq davlat bilan kurashishga qaror qildi. Zelenskiy ancha kattaroq va kuchliroq mavjudotga qarshi kurashmoqda. U bunday qilmasligi kerak edi, chunki biz kelishuvga erishishimiz mumkin edi”, degan Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya ham Ukrainadagi urushni tugatish uchun “kelishuvga erishmoqchi.

“Eshitishimga qaraganda, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin men bilan uchrashishni xohlayapti. Biz imkon qadar tezroq uchrashamiz. Menga qolsa darhol uchrashardim. Biz uchrashmagan har kuni askarlar jang maydonida halok bo‘lyapti”, dedi Oq uy rahbari.

Saylov kampaniyasi davomida Tramp Zelenskiy mamlakatda harbiy harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi kerakligini aytgan edi. O‘tgan yilning oktyabr oyi o‘rtalarida u Ukraina Prezidentini o‘zi ko‘rgan “eng yaxshi sotuvchi” deb atadi.

“Buncha pulni [AQSHdan] yana kim olgan? Oldin hech qachon bunaqa bo‘lmagan. Va bu men unga yordam berishni xohlamayman degani emas. Chunki bu odamlarga achinaman. Ammo u urush boshlanishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak edi. Bu urushda hech kim g‘alaba qozonmadi”, dedi u.

Bir kun avval Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borishga tayyorligini aytgandi. Biroq, buning sharti – AQSHdan Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu NATOga a’zo bo‘lish yoki mamlakatda G‘arb “tinchlikparvar kuchlari”ning mavjudligi bo‘lishi mumkin. Agar shunday kontingent yuborilsa, Zelenskiyga ko‘ra, AQSH unda ishtirok etishi kerak.

2024 yilning iyun oyida Putin tinchlik muzokaralarini boshlash shartlarini ilgari surdi. Ular orasida Ukraina armiyasining Lugansk, Donetsk, Zaporoje va Xerson viloyatlarining ishg‘ol qilinmagan qismlaridan olib chiqilishi, Kiyevning NATOga a’zo bo‘lishdan rasman voz kechishi, Ukrainaning yadro qurolidan xoli maqomining tasdiqlanishi, mamlakatning “demilitarizatsiyasi” va “denatsifikatsiyasi”, shuningdek, G‘arbning Rossiyaga qarshi barcha sanksiyalarini bekor qilish kabilar bor edi.

Noyabr oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida Tramp g‘alaba qozonganidan so‘ng, Putin ikki marta AQSHning yangi Prezidenti bilan Ukraina bo‘yicha muzokaralarga tayyorligini ma’lum qildi, biroq “teng va o‘zaro hurmat asosida” muloqot o‘rnatishga chaqirdi. Tramp, o‘z navbatida, agar Putin Ukrainaga qarshi urushni to‘xtatmasa, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish, jumladan, Rossiya tovarlari eksportiga to‘liq embargo qo‘yish bilan tahdid qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili, iste’fodagi general Kit Kellogga Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini 100 kun ichida tugatishni buyurgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Donal'd Tramp Putin Vladimir Zelenskiy tanqid

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing