Tramp yo‘lbarsga yem bo‘lgan yigitni masxara qildi (video)
Olam
−
11:47 606 2 daqiqa
Joriy yilning 10 oktyabr kuni Buyuk Britaniyaning Donkaster shahridagi tabiat bog‘ida Oltoy laqabli Amur yo‘lbarsi katakka kirib olgan erkakka hujum qildi. Oqibatda 23 yoshli Uilyam Chepmen halok bo‘ldi. Bu haqda “Dail Mail” xabar berdi.
Qayd etilishicha, guvohlarning uni to‘xtatishga urinishlariga qaramay, erkak mustaqil ravishda yo‘rtqich hayvon katagiga kirib olgan. Fojia Donkaster shahri yaqinidagi “Yorkshire Wildlife Park” bog‘ida yuz bergan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, 23 yoshli Uilyam Chepmen Oltoy laqabli sibir yo‘lbarsi voleri yonidagi kuzatuv ko‘prigida bo‘lgan. Hodisadan biroz avval u quloqchinlarda raqs tushgan va tashrif buyuruvchi ayollardan biridan uni hayvon fonida suratga olishini so‘ragan. So‘ng erkak yo‘rtqich yoniga tushishga harakat qilgan. Ayollardan biri uni ushlab qolishga uringan, ammo u yulqinib chiqib, to‘rt metr atrofidagi balandlikdan voler ichiga sakragan.
Dastlab yo‘lbars uning atrofida aylanib yurgan, shundan so‘ng unga tashlanib, bo‘ynidan tishlab olgan. Zoopark xodimlari ovoz chiqaruvchi moslamalar yordamida hayvonni cho‘chitib haydashga uringan. Guvohlarning aytishicha, beshta baland o‘q ovozi eshitilgan.
Voqea joyiga ikkita tez yordam brigadasi va sanitariya vertolyoti yetib borgan. Tibbiyot xodimlarining harakatlariga qaramay, erkak olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan. Hodisadan so‘ng tashrif buyuruvchilar evakuatsiya qilinib, zoopark yopilgan. Politsiya fojia tafsilotlarini aniqlamoqda va hujum tasvirlangan videozapislarni tarqatmaslikka chaqirmoqda. “Yorkshire Wildlife Park” ma’muriyati Altay laqabli yo‘lbars jarohat olmaganini va uni o‘ldirish rejalashtirilmaganini ma’lum qilgan.
Ushbu fojiadan uch kundan so‘ng, joriy yilning 13 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida mazkur hujum aks etgan kadrlarni ulashgan. U postga “Tabiat bilan aslo o‘ynashmang!” degan izoh qoldirgan.
Keyinroq Tramp sun’iy intellekt yordamida yasalgan boshqa bir rolikni ham joylashtirgan. Unda Prezidentning o‘zi maysazorda yo‘lbars bilan yumalab o‘ynayotgani, so‘ng uni quchoqlab olgani tasvirlangan.
Trampning ushbu postlari marhumning yaqinlarida norozilik uyg‘otgan. Ular ijtimoiy tarmoqlarda “o‘ta haqoratomuz kontent” tarqatilishi o‘zlariga og‘ir botayotganini bildirib, bunday materiallarni tarqatishni to‘xtatishni so‘ragan. Politsiya ham hujum aks etgan videoni tarqatmaslikka chaqirgan.
Marhumning yaqinlari Uilyam Chepmenni samimiy, mehribon va ochiqko‘ngil yigit sifatida eslaydi. U ko‘p yillardan buyon og‘ir ruhiy kasallikdan davolanib, kuchli ta’sir qiluvchi dori-darmonlarni qabul qilib kelgan.
“The Guardian” nashrining yozishicha, fojia sodir bo‘lgan bog‘ hali ham tomoshabinlar uchun yopiq. Ma’muriyat esa odamga hujum qilgan yo‘lbars o‘ldirilmasligini ma’lum qilgan.
Marjona Mamaniyozova
Live
Barchasi