Tramp yevropaliklarni Ukrainadagi urushni moliyalashda aybladi
Olam
−
05 Sentabr 5454 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 4 sentyabr kuni Yevropa yetakchilari bilan videoselektor yig‘ilishi chog‘ida ularni Rossiya neftini sotib olish orqali Ukrainadagi “urushni moliyalashtirayotganlikda” aybladi va Moskvani ushbu daromad manbaidan uzib qo‘yishga, shuningdek, bu borada Xitoyga bosim o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda Oq uydagi manbalariga tayanib, bugun, 5 sentyabrga o‘tar kechasi Amerikaning “Axios” internet nashri va CNN telekanali xabar berdi.
CNN'ning xabar qilishicha, Trampning izohlari Ukrainani Rossiyaga qarshi mudofaa urushida qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish niyatida bo‘lgan bir qator Yevropa davlatlari, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirokidagi “ko‘ngillilar koalitsiyasi” muzokaralari chog‘ida bildirilgan.
“Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va boshqa Yevropa yetakchilari Trampdan ushbu videokonferensiyaga qo‘shilishni so‘rashdi”, deyiladi xabarda.
“Axios” jurnalistlarining eslashicha, Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin Yevropa davlatlari Rossiyadan energiya resurslarini sotib olishni keskin qisqartirgan. Biroq tahririyatning Oq uydagi manbasiga ko‘ra, “bir yil ichida Rossiya yoqilg‘i savdosi uchun YeIdan 1,1 milliard yevro olgan”.
Germaniya kansleri Fridrix Mers ham ishtirok etgan xuddi shu videokonferensiya haqida Germaniyaning “Bild” tabloidi xabar berdi. Unga ko‘ra, Trampning ayblovlariga javoban Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen urush boshlanganidan so‘ng Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan Rossiya neftini xarid qilish hajmi keskin kamayganiga ishora qilgan.
"Ushbu suhbatda Trampga Rossiyadan neftni faqat Vengriya va Slovakiya import qilishi aytilgan. Ayni vaqtda Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff Yevropa davlatlarini Rossiya neftini Hindiston orqali sotib olishda davom etayotgani uchun qoraladi", deyiladi xabarda.
“Axios” qayd etganidek, Donald Tramp bilan videokonferensiyadan so‘ng Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron agar Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan tinchlik muzokaralaridan qochishda davom etsa, AQSH bilan kelishilgan holda Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etilishini aytdi.
“Bild” nashrining yozishicha, “Tramp suhbatni Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qaratganida, ishtirokchilar Amerika Prezidenti bilan bu borada birgalikda harakat qilish borasida kelishib olishga harakat qilgan”:
“Yevropaliklar 48 soat ichida Vashingtonga o‘z vakillarini jo‘natib, Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha ishchi guruh tuzishni taklif qilgan”.
Jurnalistlar Trampning bu taklifga roziligi yoki noroziligini aniqlay olmadi.
Vladimir Zelenskiy 4 sentyabr kuni ham urushga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirdi.
“Shuningdek, Prezident (Donald Tramp) Yevropa yetakchilari Xitoyning Rossiya harbiy harakatlarini moliyalashtirgani uchun unga iqtisodiy bosim o‘tkazishi kerakligini ta’kidladi”, deb yozadi “Axios” o‘z manbalaridan iqtibos keltirgan holda.
Ayni paytda ular AQSHning o‘zi ham Hindiston kabi Rossiya neftining asosiy xaridori bo‘lgan Xitoyga nisbatan hali sanksiyalar kiritmaganiga e’tibor qaratmoqda. “Axios”ning yozishicha, Yevropa davlatlari hozir tayyorlayotgan navbatdagi sanksiyalar Xitoyga ham ta’sir qilmaydi.