Tramp Yaqin Sharqda “oltin asr” boshlanishini aytdi
Olam
−
08 aprel 6589 2 daqiqa
Eron bilan ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv va nizoni hal qilish bo‘yicha bo‘lajak muzokaralar fonida AQSH Prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharqda “oltin asr” boshlanishini aytdi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
“Butun dunyodagi tinchlik uchun buyuk kun! Eron bu sodir bo‘lishini xohlaydi, ular to‘yib ketishdi! Boshqalar kabi! Amerika Qo‘shma Shtatlari Hormuz bo‘g‘ozidagi blokada bilan bog‘liq muammoni hal qilishga yordam beradi. Ko‘plab ijobiy harakatlar bo‘ladi! Bu Yaqin Sharq uchun oltin asr bo‘lishi mumkin!” deb yozdi respublikachi.
Trampning qo‘shimcha qilishicha, Eron qayta tiklanish jarayonini boshlashi mumkin va “katta pullar” ishlab topiladi.
Kecha, 7 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan ikki haftalik o‘zaro o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulhga erishilganini e’lon qildi. Amerika yetakchisining aniqlik kiritishicha, ushbu qaror Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning taklifi hamda “Eron Islom Respublikasining Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq, zudlik bilan va xavfsiz tarzda ochishga tayyorligi” inobatga olingan holda qabul qilingan. Eron davlat televideniyesining xabar berishicha, Tehron o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha 10 ta shartni ilgari surgan va AQSH “ularga rozi bo‘lishga majbur bo‘lgan”. Ular orasida hujum qilmaslik tamoyili, Tehronning Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorati, Eron hududida uranni boyitish, asosiy va ikkilamchi sanksiyalarni bekor qilish, tovon puli to‘lash, Amerika kuchlarini mintaqadan olib chiqib ketish kabi shartlar bor. Sharif Eron va AQSH delegatsiyalarini “barcha nizolarni hal qilish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishish” uchun 10 aprel kuni Islomobodga muzokaralar stoliga taklif qildi. CNN telekanali xabariga ko‘ra, Amerika delegatsiyasi tarkibidan vitse-prezident Jey Di Vens, prezidentning maxsus elchisi Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner o‘rin oladi.
Live
Barchasi