Tramp Venesueladagi aerodrom va portlarga zarba tayyorlamoqda – OAV
Olam
−
31 Oktabr 2025 4505 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Vashington tomonidan AQSHga narkotiklar olib kirishda ayblanayotgan Venesuela rahbari Nikolas Maduraga bosimni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Xususan, Oq uy Venesueladagi bir qator nishonlarga, jumladan, “narkokartellar va Maduro rejimi ta’sir doirasidagi ob’ektlarga” havo hujumlari tayyorlayapti. Bu haqda “The Wall Street Journal” nashri xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, so‘z Venesuelaning harbiy-dengiz bazalari va uchish-qo‘nish yo‘laklari joylashgan aerodromlar haqida ketmoqda, ular noqonuniy narkotrafikka aloqador deb taxmin qilinmoqda. Nashr manbalariga ko‘ra, Tramp bir hafta avval Venesueladagi yerusti nishonlariga zarba berish rejasini e’lon qilgan bo‘lsa-da, hali yakuniy qarorni qabul qilmagan, ammo hujum ob’ektlari allaqachon aniqlangan.
“Prezident Tramp Maduroga aniq ogohlantirish bergan – narkotiklar va jinoyatchilarni mamlakatimizga yuborishni to‘xtating. Prezident narkotik oqimini to‘xtatish uchun Amerikada mavjud barcha resurslarni ishga solishga tayyor”, deydi Oq uy vakili Anna Kelli.
WSJ’ning yozishicha, Venesuela armiyasi zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlariga ega, jumladan, Rossiyada ishlab chiqarilgan S-300 zenit-raketa komplekslarining to‘rtdan oltitagacha nusxasi va ko‘plab ko‘chma zenit qurollari mavjud. Mutaxassislar bu tizimlar AQSH harbiy samolyotlarini aniqlash va urib tushirish imkoniga ega ekanini ta’kidlaydi. Nashrga ko‘ra, AQSH harbiy aviatsiyasi so‘nggi paytlarda Venesuela chegaralari yaqinida havo mudofaasi tizimlarini xaritalash maqsadida parvozlarni kuchaytirgan.
O‘tgan hafta Maduro mamlakatda Rossiyada ishlab chiqarilgan 5 mingga yaqin “Igla-S” ko‘chma zenit raketa tizimlari mavjudligini bildirgan va ular “havo mudofaasi uchun muhim pozitsiyalarda joylashtirilganini” aytgan. Parvozlarni kuzatish xizmatlariga ko‘ra, o‘tgan dam olish kunlari Karakasga AQSH sanksiyalari ostidagi Rossiya harbiy samolyoti borgan.
Qayd etish joiz, joriy yilning sentyabr oyi boshidan beri AQSH harbiylari Karib dengizida giyohvand moddalar tashigan deb gumon qilingan kemalarga bir necha bor zarba bergan, oqibatda qariyb 40 kishi halok bo‘lgan. Pentagon ularning ba’zilarining Venesuela fuqarolari bo‘lganini tasdiqlagan. O‘tgan hafta esa Tramp Karib havzasiga zarba beruvchi kemalar hamrohligida aviatashuvchi kema guruhini yuborgan.
Ehtimoliy zarbalar arafasida Tramp ma’muriyati Maduro rejimini AQSHni giyohvand moddalar bilan to‘ldirishga intilayotgan narkotrafik va terroristik tashkilot rahbari sifatida ko‘rsatish kampaniyasini boshlab yubordi. Venesuela Prezidenti bu ayblovlarni rad etib, AQSH mamlakatning tabiiy boyliklarini – neft, gaz va oltinni egallamoqchi ekanini aytdi. U, shuningdek, 15 ming askarni safarbar qilganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Qo‘shma Shtatlari Nikolas Maduro samolyotining bir uchuvchisini yollashga harakat qilgani haqida xabar berilgandi. AQSH uchuvchiga Venesuela Prezidenti samolyotini Puerto-Riko, Dominikan Respublikasi yoki Guantanamo (AQSH bazasi)ga qo‘ndirishni taklif qilgan.