Tramp va Si Szinpin muzokaralarni boshladi (video)
Olam
−
08:27 1609 1 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Pekinda muzokaralarni boshladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Yetakchilar Xitoy poytaxtidagi Xalq majlislari buyuk saroyiga qizil gilam to‘shalgan zinapoyalar orqali ko‘tarilgan.
Undan avval Si Szinpin Tramp uchun rasmiy kutib olish marosimini o‘tkazgan. Yetakchilar bir-biri bilan qo‘l berib ko‘rishgan.
Xitoy rahbari kirish nutqida AQSH va Xitoy raqib emas, hamkor bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
“Bir-biri uchun muvaffaqiyatga erishish, birgalikda ravnaq topish va yangi davrda yirik davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar uchun to‘g‘ri yo‘lni belgilash kerak”, degan u.
Tramp esa Si Szinpin bilan “ajoyib munosabatlar”ga ega ekanini aytib, Xitoy va uning rahbariga “ulkan hurmat” bilan qarashini bildirgan.
Shuningdek, u Amerika delegatsiyasi o‘zaro savdo masalalarini muhokama qilishni intiqlik bilan kutayotganini va ushbu uchrashuvda qatnashish ular uchun katta sharaf ekanini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Trampning Xitoyga amalga oshiradigan tashrifida Amerikaning yirik kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etishi haqida xabar berilgandi. Milliarderlar Ilon Mask, Tim Kuk, Larri Kalp hamda Kelli Ortberg delegatsiya tarkibidan o‘rin olgan.
Live
Barchasi