Tramp va Putin ko‘rishishidan oldingi uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Olam
−
10 avgust 9646 2 daqiqa
Bugun, 10 avgustga o‘tar kechasi Ukraina va Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari vakillari Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuv oldidan o‘z pozitsiyalarini bildirish uchun Buyuk Britaniyada uchrashdi. Bu haqda Yevrokomissiya matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ular Vashingtonga mojaroga barham berish rejasini taqdim etgan. Yevrokomissiyaning yozishicha, reja Rossiyaning o‘t ochishni to‘xtatish evaziga Ukraina qo‘shinlarini Donetsk viloyatidan olib chiqib ketish talabini rad etadi va boshqa qadamlardan oldin otashkesim to‘xtashi kerakligini ta’kidlaydi.
Yevropa Ittifoqi va Ukraina taklifida, shuningdek, “hududlar faqat o‘zaro asosda almashinishi mumkin, ya’ni Ukraina ba’zi hududlardan qo‘shinlarini olib chiqsa, Rossiya Federatsiyasi boshqa hududlardan qo‘shinlarini olib chiqishi kerak” deyiladi.
Yevropa yetakchilari Trampning “o‘limni to‘xtatish, Rossiyaning bosqinchilik urushini tugatish va Ukraina uchun adolatli va mustahkam tinchlik hamda xavfsizlikka erishish” bo‘yicha sa’y-harakatlarini olqishlagan va bunga faqat Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va Rossiyaga bosimni birgalikda olib borish orqali erishish mumkinligiga ishonch bildirgan.
Ular shuningdek, Qo‘shma Shtatlarni Ukrainaga jiddiy harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatgan holda, shu jumladan Rezolyutsiya koalitsiyasi mexanizmi orqali, shu bilan birga, Rossiyaga qarshi amaldagi va yangi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlagan holda harakat qilishda davom etishga tayyorligini ta’kidladi.
Fransiya, Finlyandiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha va Yevrokomissiya rahbarlarining bayonotida Ukraina kelajagi bo‘yicha muzokaralar faqat uning ishtirokida va o‘t ochishni to‘xtatgandan keyin o‘tkazilishi mumkin, deyilgan.
“Biz ushbu hayotiy manfaatlar Ukrainaga o‘z suvereniteti va hududiy yaxlitligini samarali himoya qilish imkonini beradigan mustahkam va ishonchli xavfsizlik kafolatlariga bo‘lgan ehtiyojni o‘z ichiga olishiga rozimiz. Ukraina o‘z taqdirini tanlash erkinligiga ega. Ma’noli muzokaralar faqat o‘t ochishni to‘xtatish yoki harbiy harakatlarni qisqartirish sharoitida bo‘lishi mumkin. Ukrainada tinchlikka erishish yo‘lini Ukrainasiz hal qilib bo‘lmaydi. Biz xalqaro chegaralarni kuch bilan o‘zgartirmaslik tamoyiliga sodiq qolamiz. Hozirgi aloqa liniyasi muzokaralarning boshlang‘ich nuqtasi bo‘lishi kerak.
Biz yana bir bor ta’kidlaymizki, Rossiyaning Ukrainaga asossiz va noqonuniy bostirib kirishi – BMT Nizomi, Xelsinki yakuniy akti, Budapesht memorandumi va Rossiyaning navbatdagi majburiyatlarini qo‘pol ravishda buzishdir. Biz Ukraina suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga sodiqligimizni ta’kidlaymiz”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 15 avgust kuni AQSHning Alyaska shtatida uchrashib, Ukrainadagi urush kelajagini muhokama qilishi haqida xabar berilgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr