Tramp va Harris teledebatda bahslashadi
Olam
−
09 avgust
2827AQSH prezidentligiga nomzodlar Kamola Harris va Donald Tramp 10 sentyabr kuni teledebatda uchrashadi. Bu haqda 8 avgust kuni debatga mezbonlik qiladigan ABC telekanali ma’lum qildi.
“Vitse-prezident Harris va sobiq prezident Tramp ishtirok etishlarini tasdiqlashdi”, deyiladi telekanalning X ijtimoiy tarmog‘idagi postida.
Demokratik nomzod Harris ijtimoiy tarmoqlarda 10 sentyabr kungi debatda ishtirok etishini tasdiqladi.
Kecha, 8 avgust kuni ertalab AQSHning Florida shtatidagi Mar-a-Lago mulkida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida respublikachi nomzod Tramp sentyabr oyida “Fox News”, ABC va NBC telekanallarida 4, 10 va 25 sentyabr kunlari uchta teleduyel o‘tkazishni taklif qildi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu sanalar allaqachon telekompaniyalar bilan kelishib olingan, biroq vitse-prezident Harris jamoasi o‘z ishtirokini hali tasdiqlagani yo‘q.
“Fox News” va NBC uning so‘zlariga izoh bermadi. O‘z navbatida, ABC telekompaniyasi juma kuni kechqurun X ijtimoiy tarmog‘ida Harris jamoasining rasmiy vakiliga tayanib, Tramp tomonidan 4 sentyabrda taklif qilingan debatda qatnashmasligini ma’lum qildi.
Tramp, shuningdek, vitse-prezidentlikka nomzodlar Devid Vens va Tim Uolz o‘rtasida mumkin bo‘lgan sanani ko‘rsatmagan holda debat o‘tkazish rejalarini ma’lum qildi.
So‘nggi kunlarda Tramp va Harris jamoasi o‘rtasidagi teledebatlar bo‘yicha ommaviy bahslar bo‘lib o‘tdi.
Jo Bayden prezidentlik poygasidan chiqib ketishidan oldin, ikkinchi teledebat 10 sentyabr kuni ABC telekanalida rejalashtirilgan edi. Biroq Tramp o‘sha kuni prezidentlikka yangi nomzod Xarrisga qarshi gapirishdan bosh tortdi va o‘rniga 4-sentyabr kuni o‘ng qanot “Fox News” telekanalida o‘ziga ma’qul kelgan debat o‘tkazishni taklif qildi.
Harrisning saylovoldi kampaniyasi Trampni “qo‘rqqanlikda” va munozaradan “uzoqlashishni” xohlayotganlikda aybladi.
Endi Trampning yangi taklifida 10 sentyabr sanasi ham, u ilgari aytib o‘tgan muqobil 4 sentyabr sanasi ham, shuningdek, 25 sentyabr ham mavjud.
LiveBarchasi