Tramp Ummonni bombardimon qilish bilan qo‘rqitdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralar kutilganidek kechmayotganini aytib, Hormuz bo‘g‘ozidagi kemalar qatnovini tiklash bo‘yicha Tehron bilan muzokara olib borayotgan Ummonga qarshi harbiy kuch ishlatish bilan tahdid qildi. Bu haqda “Reuters“ xabar berdi.

Trampning aytishicha, Eron AQSH kerak deb hisoblayotgan kelishuvga rozi bo‘lmayapti. U Tehronni taslim bo‘lishga chaqirib, Vashingtonning Eronga qarshi urushdagi asosiy maqsadi mamlakatning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik ekanini ta’kidlagan.

“Ular men zarur deb hisoblayotgan kelishuvga rozi bo‘lmaydi. Biz u yerda yagona sabab bilan turibmiz: Eron yadroviy qurolga ega bo‘la olmaydi”, degan Tramp Oq uyda jurnalistlarga.

AQSH Prezidenti, shuningdek, Eron bilan joriy yilning iyun oyida tuzilgan vaqtinchalik kelishuvni uzaytirish rejalashtirilmaganini bildirgan. Mazkur kelishuv harbiy amaliyotlarni to‘xtatish va 60 kun ichida yakuniy bitim bo‘yicha muzokaralar olib borishni nazarda tutgan edi.

Tramp bundan avval “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Eron “oq bayroq ko‘tarib, taslim bo‘lishi kerak”ligini aytgan.

Ayni paytda Ummon va Eron Hormuz bo‘g‘ozida tijoriy kemalar qatnovini tiklash bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Tramp Ummon muzokaralarga xalaqit bersa, mamlakatga zarba berishini aytgan.

“Agar Ummon xalaqit bersa, biz uni qattiq bombardimon qilamiz”, degan Tramp “Fox News” telekanaliga.

Keyinchalik Oq uyda jurnalistlar undan Ummonga nisbatan sabri tugagan-tugamaganini so‘ragan. Tramp Ummon “o‘zini yaxshi tutmagan”ini aytgan, biroq mamlakat bilan boshqa masalalarda bo‘lgani kabi “juda oson shug‘ullanishlarini” bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 17 avgust kuni AQSH va Eron o‘t ochishni to‘xtatish rejimini yana 60 kunga uzaytirishga kelishib olgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing