Tramp Ukrainaga qurol ta’minotini tiklashni buyurdi – CNN

Olam

image

Joriy yilning 8 iyul kuni AQSH hukumati yig‘ilishida Prezident Donald Tramp Ukrainaga qurol yetkazib berish to‘xtatilishini ma’qullamagan va ularni qayta tiklashni buyurgan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, CNN xabar berdi.  

Vaziyatdan xabardor manbalarga ko‘ra, Mudofaa vaziri Pit Hegset o‘tgan haftada Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilganida bu haqda Oq uyni oldindan xabardor qilmagan.

Prezident Donald Tramp bu qadam uchun o‘zini mas’ul emasligini aytgan. Hukumat yig‘ilishida undan “qurol yetkazib berishni to‘xtatishni ma’qullayapsizmi?”, deb so‘ralganda, Tramp bu savolga rad javobini bergan va AQSH Ukrainaga mudofaa qurollarini yetkazishda davom etishini aytgan. Shundan so‘ng, u Hegsetga o‘q-dorilar, xususan, Patriot havo mudofaasi tizimlari uchun tutib qoluvchi raketalarni yetkazib berishni tiklashni buyurgan. Bu raketalar Ukraina uchun raketa va dron hujumlaridan himoyalanishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Ma’muriyatdagi yuqori martabali rasmiyning jurnalistlarga aytishicha, o‘q-dorilarning ko‘pchiligi allaqachon Polshada bo‘lib, ularni tez orada Kiyevga yetkazish mumkin. Qurol-yarog‘ to‘plami oldingi ma’muriyat tomonidan ajratilgan bo‘lib, u allaqachon Ukrainaga jo‘natilayotgan bo‘lgan, biroq keyinchalik to‘xtatilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2 iyul kuni Oq uy Pentagon Ukrainaga raketalar va o‘q-dorilar partiyasini yuborishni to‘xtatganini tasdiqlagandi. Bunga AQSH Qurolli kuchlaridagi zaxiralar borasidagi xavotir sabab bo‘lgani aytilgan edi. OAVning xabar berishicha, bu qaror Pentagon rahbari Amerika Qurolli kuchlaridagi o‘q-dori zaxiralarini tekshirishni talab qilganidan so‘ng qabul qilingan. Aytilishicha, Ukraina urushi va Yaqin Sharqdagi mojaro tufayli AQSH armiyasi zaxiralari ancha kamayib ketgan.

Keyinchalik AQSH Davlat departamenti qurol yetkazib berish to‘xtatilmaganini, balki vaqtincha pauza olinganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Ukraina qurol ta'minoti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing