Tramp Ukrainadagi urushni qanday to‘xtatishi mumkin?
Olam
−
07 noyabr
150505 noyabr kuni AQSHda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Donald Tramp Ukrainaga Rossiya bilan harbiy nizoni hududlarni qaytarmasdan muzlatishni va NATOga kamida 20 yilgacha qo‘shilishdan voz kechishni taklif qilishi mumkin. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “The Wall Street Journal” (WSJ) xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, hozirda Tramp maslahatchilari urushni tugatishning aynan shunday ssenariysini muhokama qilmoqda. Harbiy harakatlar butun front chizig‘i bo‘ylab muzlatilgandan so‘ng demilitarizatsiya zonasi e’lon qilinishi rejalashtirilgan. Biroq uning xavfsizligini kim ta’minlashi hozircha noma’lum. WSJ manbalaridan biri bu jarayonda AQSH qo‘shinlari yoki BMT kontingenti ishtirok etishini rad etdi.
O‘z navbatida, NATOga yaqin 20 yil ichida a’zo bo‘lmaslikka rozi bo‘lish evaziga Tramp Ukrainani qurol bilan ta’minlashni davom ettirishga va’da beradi.
“Biz harbiylarni o‘qitishimiz va boshqa yordam ko‘rsatishimiz mumkin, ammo bu bilan asosan Yevropa davlatlari shug‘ullanadi. Biz amerikaliklarni Ukrainada tinchlikni saqlash uchun yubormaymiz va biz buning uchun pul to‘lamaymiz. Buni polshaliklar, nemislar, inglizlar va fransuzlardan talab qiling”, dedi Tramp jamoasining bir a’zosi.
Shu bilan birga, WSJ manbalari Tramp hali Ukrainadagi harbiy nizoni to‘xtatish bo‘yicha aniq reja tasdiqlamaganini ta’kidlagan. Respublikachilarning sobiq milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Trampning qarorni shaxsan va oxirgi lahzada qabul qilishini, shuning uchun Prezident nima qaror qilishini oldindan aniq aytib bo‘lmasligini bildirgan.
Tramp taklif qilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy shartnomaga ko‘ra, Rossiya Ukraina hududlarini o‘zida saqlab qoladi, hozirgi front chizig‘i bo‘ylab demilitarizatsiya zonasi yaratiladi va Ukraina qo‘shinlari Rossiya bilan qayta to‘qnashuv ehtimoliga qarshi kuchaytiriladi. O‘z navbatida, Moskva Ukraina harbiy alyanslarga, jumladan, NATOga a’zo bo‘lmasligi kafolatini oladi.
Nashrning yozishicha, Trampning ikkinchi prezidentlik davrida uning tashqi siyosatiga ta’sir o‘tkazish uchun turli qarashlarga ega fraksiyalar raqobatlashadi. Masalan, Mudofaa vaziri lavozimiga da’vogar bo‘lgan sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo Rossiya uchun g‘alaba sifatida hisoblanmaydigan murosaga erishishni talab qilishi mumkin. Ammo Davlat kotibi va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi lavozimiga asosiy nomzod hisoblangan Richard Grenell Ukraina hududlarining katta qismini Rossiyaga berish evaziga urushni tezroq yakunlash tarafdori bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden administratsiyasi respublikachi Donald Tramp Oq uyga qaytishi oldidan Ukrainaga 6 milliard dollardan ortiq so‘nggi yordam paketini yuborishni rejalashtirayotgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi