Tramp Uitkoff va Kushnerning Pokistonga safarini bekor qildi – OAV

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushnerning Pokistonga safarini bekor qilishga qaror qildi. Ular Eron bilan muzokaralar o‘tkazish kerak edi. Bu haqda davlat rahbari “Fox News” telekanali jurnalisti Oysha Hasni bilan telefon orqali suhbatda ma’lum qilgan.

“Biroz oldin odamlarim yo‘lga chiqishga hozirlik ko‘rayotganda, ularga shunday dedim: “Yo‘q, sizlar u yerga yetib borish uchun 18 soatlik parvozni amalga oshirmaysiz. Barcha qartalar bizning qo‘limizda. Ular (Eron tomoni) xohlagan vaqtlarida bizga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Ammo sizlar endi hech narsa haqidagi suhbatlar uchun 18 soatlab uchmaysiz”, deya Amerika yetakchisining so‘zlaridan iqtibos keltirgan Hasni.

Ma’lumot uchun, bugun, 25 aprel kuni Islomobodga borgan Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Pokiston rasmiylari bilan AQSH bilan bo‘lgan mojaroni hal qilish masalasini muhokama qildi.

Shu kunning o‘zida “Axios” portali jurnalisti Barak Ravid xabardor manbalarga tayanib, Uitkoff va Kushner 27 aprel kuni Pokiston poytaxtida Eron TIV rahbari bilan uchrashishi mumkinligi haqida xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, Tehron va Vashington o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi raundi joriy yilning 11 aprel kuni bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda Tramp Eron bilan ikki haftalik vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qilgandi. Biroq, ertasi kuniyoq AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens tomonlar kelishuvga erisha olmaganini ma’lum qildi. Bunga javoban Tramp Eron portlariga kirayotgan va chiqayotgan barcha kemalar uchun dengiz blokadasini joriy etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Pokiston Jared Kushner Stiv Uitkoff

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing