Tramp tug‘ilgan kunida harbiy parad o‘tkazmoqchi
Olam
−
08 aprel
3080AQSH Prezidenti Donald Tramp 14 iyun kuni nishonlanadigan Qo‘shma Shtatlar armiyasining 250 yilligiga bag‘ishlab mamlakat poytaxti Vashingtonda yirik harbiy parad o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Shu kuni Trampning o‘zi 79 yoshga to‘ladi. Bu haqda kecha, 7 aprel kuni bir qancha Amerika nashrlari xabar berdi.
Parad rejalari haqida birinchi bo‘lib xabar bergan “Washington City Paper” nashriga ko‘ra, uning yo‘nalishi deyarli 6,5 km – AQSH Mudofaa vazirligining Vashington chekkasidagi Arlington shtab-kvartirasidan Oq uygacha bo‘lgan masofani tashkil etadi.
Mahalliy hukumat va harbiy amaldorlar “The Hill” va “NewsNation” nashrlariga rejalarni tasdiqlagan, biroq ular hali rasman tasdiqlanmaganini va rasmiy so‘rov yoki buyruq yo‘qligini aytgan.
“Washington City Paper”ning ta’kidlashicha, mahalliy hukumatlar faqat parad rejalari haqida xabardor qilingan.
Ma’lumot uchun, Tramp prezident sifatidagi birinchi muddatidayoq 2018 yilda harbiy parad o‘tkazmoqchi edi, biroq tadbirning kutilayotgan yuqori narxi – 92 million dollar atrofida bo‘lgani uchun bu amalga oshmadi. Bundan tashqari, shahar rasmiylari tanklar va boshqa og‘ir zirhli texnikalar yurgan yo‘llarga jiddiy zarar yetkazishidan qo‘rqishgan.
Keyingi yili, 2019 yilda Vashington 27 yil ichida birinchi yirik harbiy paradni 4 iyul, AQSH Mustaqillik kunida o‘tkazdi.