Tramp Si Szinpin bilan “juda samarali” suhbat o‘tkazganini aytdi
Olam
−
19 Sentabr 2025 4329 2 daqiqa
Bugun, 19 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan juda samarali muzokara o‘tkazganini ma’lum qildi va ular ko‘plab masalalarda sezilarli yutuqlarga erishganini bildirdi. Bu haqda u o‘zining Truth Social’dagi sahifasida yozdi.
“Men hozirgina XXR Raisi Si Szinpin bilan juda samarali telefon orqali suhbatni yakunladim. Biz ko‘plab muhim masalalarda, jumladan savdo, fentanil, Rossiya-Ukraina mojarosini to‘xtatish zarurati va TikTok bo‘yicha kelishuvni tasdiqlash borasida taraqqiyotga erishdik”, deb yozdi AQSH yetakchisi.
Tramp, shuningdek, Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammitida Xitoy rahbari bilan uchrashishga kelishilganini aytdi. Ularning muloqotida Trampning 2026 yil boshida Xitoyga qilinadigan tashrifi ham muhokama qilingan, Si Szinpin esa o‘ziga qulay vaqtda AQSHga javob tashrifi bilan borishga va’da bergan.
“Bu juda foydali suhbat bo‘ldi, biz yana telefon orqali gaplashamiz. TikTok bo‘yicha qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorman va ikkimiz ham APEC’dagi uchrashuvni intiqlik bilan kutyapmiz”, deydi AQSH Prezidenti.
Suhbatning boshqa tafsilotlari hozircha ma’lum emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Si Szinpin bilan telefon orqali muloqot qilishi haqida xabar berilgan edi. Suhbatning asosiy mavzulari sifatida tariflar va TikTok’ning AQSHdagi taqdiri bo‘lishi ma’lum edi.
Oldinroq esa AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Xitoy AQSH bilan TikTok ijtimoiy tarmog‘ini sotish shartlari bo‘yicha kelishuvga erishganini aytgandi. Bessent tafsilotlarni oshkor qilishdan bosh tortib, barcha ma’lumotlar Donald Tramp va Si Szinpin muloqotida e’lon qilinishini bildirgan.
Live
Barchasi