Tramp Rossiya va Ukraina muhim masalada kelishib olganini e’lon qildi

Olam

image

Rossiya va Ukraina bir-birining energetika infratuzilmasiga zarba berishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi. Bu haqda bugun, 14 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.

U o‘zining qisqa xabarida dizel yonilg‘isi narxining jahon miqyosida oshishini Qo‘shma Shtatlar va Eron o‘rtasidagi mojaroga emas, balki “ko‘proq” Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushga bog‘lagan.

Bir kun oldin Tramp “Irish Open” golf turniriga tashrifi chog‘ida jurnalistlar bilan muloqotda Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyni Rossiyaning dizel infratuzilmasiga zarba berishni to‘xtatishga chaqirgan. 

“Biz bu haqda janob Zelenskiy bilan gaplashdik. Javob berish uchun boshqa ko‘plab nishonlar bor. Dizel yonilg‘isiga zarba bermang. Siz Rossiyadagi dizel yonilg‘isiga zarba berishni to‘xtatishingiz kerak. Bu butun dunyoga zarar yetkazmoqda”, deydi u 13 sentyabr kuni. 

Vladimir Zelenskiy keyinroq o‘zining Telegram-kanalida agar “hamkorlar Rossiyaning Ukrainaning elektr energetika tizimiga, boshqa energetik ob’ektlariga, kritik infratuzilmasiga va oziq-ovqat yetkazib berish zanjiriga zarba bermaslik haqidagi real qarorini bajarishga tayyor bo‘lsa, Kiyev Rossiya energetikasiga zarba berishdan tiyilishga tayyorligini yozdi. Shu bilan birga, u “Ukraina Rossiyaning biror bir kelishuvga amal qilishiga ishonmaydi”, deb qo‘shimcha qildi.

O‘sha postda u bu kabi kelishuvlarning uzoq muddatli bo‘lishi va “odamlar hayoti uchun real ta’siri” zarurligini, shuningdek, ular “rossiyaliklar o‘z “saylovlarini” o‘tkazib olgach hamda benzin va dizel bo‘yicha bosimni vaqtincha susaytirib olganlaridan so‘ng” barbod bo‘lmasligi kerakligini qayd etgan. 

“Urushni tugatish kerak. Kritik infratuzilmaga nisbatan deeskalatsiya qadami esa tinchlik sari birinchi qadam bo‘lishi mumkin”, deydi Ukraina yetakchisi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Ukraina bo‘ylab amalga oshirgan havo hujumlarida kamida 10 kishi halok bo‘lib, o‘nlab odam yaralangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing