Tramp Putindan keyin Zelenskiyga ham sim qoqdi
Olam
−
13 fevral
6712AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 12 fevral kuni Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan suhbatlashganidan so‘ng Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida ma’lum qildi.
Amerika yetakchisi telefon muloqotini yaxshi o‘tdi deb baholadi.
“Men hozirgina Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan suhbatlashdim. Suhbat juda yaxshi o‘tdi. U ham, Prezident Putin ham tinchlikka erishishni istaydi. Biz urush bilan bog‘liq ko‘plab mavzularni muhokama qildik, biroq asosan juma kuni Myunxenda bo‘lib o‘tadigan uchrashuv haqida gaplashdik. Delegatsiyaga vitse-prezident Jey Di Vens va Davlat kotibi Marko Rubio rahbarlik qiladi. Umid qilamanki, ushbu uchrashuv natijalari ijobiy bo‘ladi. Bu bema’ni urushni to‘xtatish vaqti keldi, u behisob va mutlaqo keraksiz o‘lim va vayronagarchiliklarga sabab bo‘ldi. Xudo Rossiya va Ukrainani asrasin!” deb yozdi Tramp.
Zelenskiyning maslahatchisi Dmitriy Litvinning so‘zlariga ko‘ra, Tramp va Zelenskiy taxminan bir soat davomida suhbatlashgan. Zelenskiy telefon suhbati yuzasidan izoh berar ekan, Tramp uni Rossiya Prezidenti bilan avvalroq bo‘lib o‘tgan muzokaralar haqida xabardor qilganini ma’lum qildi.
“Uzoq suhbat. Tinchlikka erishish imkoniyati haqida. Jamoalar darajasida hamkorlik qilishga tayyorgarligimiz haqida. Texnologik imkoniyatlarimiz, xususan, dronlar va boshqa zamonaviy ishlab chiqarish haqida. Biz Skott Bessant bilan bo‘lgan suhbatimiz va xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik hamda resurslar bo‘yicha yangi kelishuvimizga tayyorgarlik masalasini muhokama qildik. Prezident Tramp meni Putinning gaplari tafsilotlaridan xabardor qildi”, dedi Ukraina Prezidenti.
Shuningdek, Zelenskiyga ko‘ra, Ukraina tinchlikni hammadan ko‘ra ko‘proq xohlaydi. Rossiya tajovuzini to‘xtatish va ishonchli, uzoq muddatli tinchlikni ta’minlash bo‘yicha Amerika bilan umumiy qadamlar belgilab olinyapti.
“Prezident Tramp aytganidek, let’s get it done. Keyingi aloqalar va uchrashuvlar borasida kelishib oldik”, deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putin Donald Tramp bilan telefon orqali muzokara o‘tkazgan edi. Tramp so‘nggi haftalarda Rossiya Prezidenti bilan gaplashish rejalarini bir necha bor ta’kidlagan. Amerika rahbari Ukrainadagi mojaroga katta e’tibor qaratgan va uni tugatishga yordam berish istagini bildirgan. Rossiya Prezidenti esa Trampning Moskva va Vashington birgalikda ishlashi kerakligi haqidagi fikriga qo‘shilishini aytgan. Rossiya va AQSH yetakchilari telefon suhbatida Yaqin Sharqdagi kelishuv, Eron yadro dasturi va Rossiya-Amerika munosabatlarini muhokama qilgan.
LiveBarchasi