Tramp Oy va Marsni egallamoqchi
Olam
−
16:58 891 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 20 avgust kuni mamlakatdagi tijoriy kosmik parvozlar sonini keskin oshirishga qaratilgan memorandumni imzoladi. Bu haqda “Reuters“ xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, federal idoralar yangi raketa uchirish va qayta qo‘nish maydonlari uchun davlat yerlarini o‘rganishi kerak bo‘ladi. Oq uy 2030 yilga borib yiliga kamida 1000 ta raketa uchirilishi va Yerga qayta qo‘nishi uchun sharoit yaratishni maqsad qilgan.
Qayd etilishicha, 2025 yilda AQSHda 178 ta kosmik uchirish amalga oshirilgan. Bu ko‘rsatkich 2013 yilga nisbatan 10 baravar yuqori bo‘lib, uchirishlarning katta qismi Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Memorandumda davlat idoralariga xususiy kompaniyalar bilan hamkorlikda kosmik transport infratuzilmasini rivojlantirish, ruxsat berish va ekologik ekspertiza jarayonlarini tezlashtirish hamda kosmik uchirishlar uchun yetarli radiochastota spektrini ta’minlash topshirilgan.
Shuningdek, Tramp AQSH astronavtlarini 2028 yilga qadar Oyga qaytarishni maqsad qilgan. Hujjat NASA'ga Oyga tijoriy transport qatnovlarini yo‘lga qo‘yish, Marsga robotlashtirilgan tijoriy missiyalarni tashkil etish va odamlarni Marsga yuborish imkoniyatlarini o‘rganishni yuklaydi.
Oq uy Fan va texnologiyalar siyosati boshqarmasi direktori Maykl Kratsiosning aytishicha, yangi siyosat AQSHning kosmik sohadagi yetakchiligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Memorandumga ko‘ra, 90 kun ichida yangi federal qayta qo‘nish maydoni aniqlanishi kerak. Bundan tashqari, davlat idoralari jamoat yoki milliy xavfsizlik talab qilmagan taqdirda xususiy kosmik kompaniyalar faoliyatiga to‘sqinlik qiladigan loyihalarni amalga oshirmasligi lozim.
Ma’lumot uchun, SpaceX 2025 yilda 170 ta raketa uchirgan va orbitaga qariyb 2500 ta sun’iy yo‘ldosh joylashtirgan. Kompaniya besh yil ichida yiliga 10 mingtagacha uchirishni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilon Mask kompaniyasining 8700 km/soat tezlikda harakatlanayotgan raketasi Oy yuzasiga borib urilgan edi.
Live
Barchasi