Tramp otishmadan keyin bayonot berdi (video)
Olam
−
09:51 6130 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashingtondagi otishma hodisasidan so‘ng Oq uyda brifing o‘tkazib, voqea tafsilotlarini ma’lum qildi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.
Uning aytishicha, hujumchi o‘zi bilan bir nechta qurol olib kelgan va uning asosiy nishoni Prezidentning o‘zi bo‘lishi ham mumkin. Hodisa xavfsizlik nazorati punktida sodir bo‘lgan.
Trampning ta’kidlashicha, AQSH Maxfiy xizmati xodimlari tezkor va jasorat bilan harakat qilib, hujumchini zararsizlantirgan. U xavfsizlik xodimlarini yuqori professional darajasi uchun alohida maqtagan.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hodisa vaqtida Maxfiy xizmat xodimlaridan biri yaralangan. U yaqin masofadan kuchli quroldan o‘q yegan, biroq bronjilet uni saqlab qolgan. Tramp jarohatlangan xodim bilan suhbatlashganini va uning holati yaxshi ekanini bildirgan.
Shuningdek, Prezident gumonlanuvchi qo‘lga olinganini ma’lum qilgan. Hozirda huquq-tartibot organlari uning uyida tintuv o‘tkazish va boshqa tergov harakatlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Trampning aytishicha, gumonlanuvchiga nisbatan otishma, noqonuniy qurol saqlash va boshqa moddalar bo‘yicha bir nechta ayblovlar qo‘yilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, otishma Washington Hilton mehmonxonasida Oq uy muxbirlari assotsiatsiyasining kechki ovqati vaqtida yuz bergan. Hodisa sodir bo‘lgan ilk soniyalarda Tramp va vitse-prezident Jey Di Vensning evakuatsiya qilinayotgani aks etgan videolar ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.
Hujumni sodir etgan shaxs – 31 yoshli Koul Tomas Allen bo‘lib, u Kaliforniya shtatining Torrans shahrida yashaydi. Biroq bu ma’lumot hozircha rasmiy huquq-tartibot idoralari tomonidan tasdiqlanmagan, tergov davom etmoqda.
Live
Barchasi