Tramp oilasidagi parokandalik: Sobiq Prezident jiyanini sudga berdi
Olam
−
22 Sentabr 2021
6545AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp jiyani Meri Tramp va “The New York Times” gazetasini oilasining maxfiy ma’lumotlarini oshkor qilish taqiqini buzgani uchun sudga berdi. Bu haqda “Interfaks” nashri xabar tarqatdi.
Qayd etilishicha, maqola 2018 yilda chop etilgan bo‘lib, unda jurnalistlar Trampning shaxsiy boyligi haqidagi da’volarini rad etishga harakat qilgan. Manbaning yozishicha, sobiq Prezidentning otasi tadbirkor Fred Tramp 413 million dollarni, jumladan, soliqlarni to‘lashdan bo‘yintovlab orttirilgan pullarini o‘g‘liga qoldirgan.
Sobiq Prezidentning jiyani esa Tramp oilasi haqida kitob yozgan va chop ettirgan. Meri kitobida “The New York Times” chop etgan maqolaning manbasi o‘zi ekanini aytgan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda Tramp da’vo arizasida 100 million dollar tovon puli talab qilmoqda. Chunki uning jiyani 2001 yildagi maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilmaslik to‘g‘risidagi shartnomani buzgan va Trampning shaxsiy boyligi haqidagi hujjatlarni gazetaga bergan.
Tramp, shuningdek, jurnalistlarni ma’lumotlarni tarqatish haqidagi taqiqni bila turib, ularni Meridan shaxsiy manfaatlari uchun olganlikda ayblamoqda.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yilda Meri Tramp Donald Tramp va uning oila a’zolarining ustidan sudga arz qilib, ularni bobosining merosini taqsimlashda fitnaga yo‘l qo‘yganlikda ayblagan. Meri Tramp o‘z da’vosida Donald Tramp, uning singlisi Marienn Tramp Barri va 2020 yil avgustda vafot etgan akasi Robert Tramp uni 1999 yilda vafot etgan Fred Trampdan qolgan merosni taqsimlashda fitna uyushtirganini aytgan.
2020 yil iyul oyida Meri Tramp “Juda ko‘p, lekin hech qachon yetarli emas: mening oilam dunyodagi eng xavfli odamni qanday yaratdi” nomli kitobni chop etgan. Asarida u Donald Trampning bolaligi va o‘smirligi haqidagi ma’lumotlarga asoslangan psixologik portretini taqdim etgan.
Robert Tramp bu kitobning nashr etilishiga to‘sqinlik qilishga urinib, da’vo arizasi bilan murojaat qilib, suddan nashr etishni taqiqlashni talab qilgan. Nyu-York sudi buni qanoatlantirgan, lekin keyinchalik apellyatsiya sudi qarorni bekor qilgan, chunki nashriyot kitobning bir necha ming nusxasini chop etib bo‘lgandi.
LiveBarchasi