Tramp “mudhish” Xitoy sababli Rossiya va Hindistonni yo‘qotganini aytdi
Olam
−
06 Sentabr 8398 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoy sababli Rossiya va Hindistonni yo‘qotganini aytdi. Bu haqda u kecha, 5 sentyabr kuni o‘zining Truth Social’dagi sahifasida yozdi.
“Biz eng mudhish va tubsiz Xitoy sababli Hindiston va Rossiyani yo‘qotganga o‘xshaymiz. Ularga birgalikda uzoq va farovon kelajak tilayman!”, deb yozgan Tramp va o‘z postiga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, XXR Raisi Si Szinpin va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining suratini ilova qilgan.

Ma’lumot uchun, shu haftada Xitoy, Rossiya va Hindiston rahbarlari Xitoyning Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitida qatnashgandi. “Bloomberg” ularning birgalikda ko‘rinishini: "AQSH boshchiligidagi jahon tartibiga muqobil tartibni yaratish bo‘yicha Xitoy siyosiy loyihasining g‘alabasini namoyon etdi”, deb yozdi.
Trampning o‘zi esa Xitoy va Rossiyaning AQSHga qarshi birlashish xavfi uni mutlaqo tashvishga solmasligini bildirdi.
“Ular hech qachon qurolli kuchlarini bizga qarshi ishlatmaydi. Ishoning, bu ular qilishi mumkin bo‘lgan eng yomon narsa bo‘ladi”, degan u.
Sammit yakunida Pekinda Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligi munosabati bilan harbiy parad bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya Prezidenti, shuningdek, KXDR yetakchisi Kim Chen In ham qatnashdi. Tramp tadbirni kuzatganini aytdi. Keyinroq esa Truth Social’da Si Szinpindan Putinga va Kim Chen Inga “AQSHga qarshi fitna qurayotganingizda eng samimiy tilaklarimni yetkazing” deya so‘rab, post joyladi.
Bunga javoban Kreml AQSH Prezidentining “fitna” haqidagi so‘zlarini kinoya, yoki ko‘chma ma’noda aytilgan bo‘lishi mumkin deb hisoblashini ma’lum qildi. Xususan, Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov “hech qanday fitna hech kim tomonidan rejalashtirilmaganini” aytdi.
Eslatib o‘tamiz, Xitoy ham Hindiston ham bir necha oydan buyon AQSH bilan savdo kelishuvining shartlarini muhokama qilmoqda. Dastlab, XXR bilan qarama-qarshilik fonida Xitoy mahsulotlariga AQSH bojxona bojlari 145 foizga oshirilgan edi, keyinchalik esa tomonlar tariflarni vaqtinchalik pasaytirishga kelishib oldi. Hindiston uchun AQSH bojxona tariflarining umumiy hajmi hozirda 50 foizni tashkil qiladi. “The Washington Post”ning yozishicha, Tramp Nyu-Dehli Rossiya neftini xarid qilishni kamaytirishga rozi bo‘lmagunicha Hindiston bilan savdo kelishuvi haqida gaplashishdan bosh tortgan.
Live
Barchasi