“Qiyomat quroli” qizdirildi
Tahlil
−
02 avgust 21669 7 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp va ayni damda Rossiya siyosiy elitasining kuchli beshligiga ham kirmaydigan sobiq prezident Dmitriy Medvedev o‘rtasida ijtimoiy tarmoqlarda boshlangan tortishuv yadroviy urush bilan tahdid qilishga kelib to‘xtadi. Dastlab amerikalik senator Lindsi Grem bilan X'da gap talashib qolgan Medvedevga Trampdan javob keldi. Medvedev unga “o‘lik qo‘l” nomli yadro qurolining o‘ziga xos tarzda harakatga kelishini anglatuvchi ibora bilan tashlangan bo‘lsa, Tramp qisqa qilib Amerika yadro urushiga tayyorligini ma’lum qildi.
Ayni damda esa ko‘plab kuzatuvchilar mazkur voqelikni yangi “sovuq urush”ning boshlanishi sifatida talqin qilmoqda. Vaziyat qay darajada jiddiy? Shu kungacha bayonotlari quruq gap-so‘zdan nariga o‘tmayotgan AQSH yetakchisi bu safar hazillashmayaptimi? So‘nggi yillarda faqat ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lib qolgan, ammo reallikda hozirda deyarli hech qanday vaznga ega bo‘lmagan Medvedevning gap-so‘zlari qay darajada ahamiyatli? Bugun shular haqida batafsil gaplashamiz.
Sanksiyadan yadro urushi haqida ogohlantirishgacha
Putin va Tramp o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashganidan so‘ng, barchaning e’tibori Oq uy rahbarining keyingi qadamlariga qaratildi. Tramp jurnalistlar bilan suhbatda, Oq uydagi yuqori darajali uchrashuvlarda va boshqa intervyularida Putindan hafsalasi pir bo‘lganini ko‘p bor ta’kidladi. Bu orada u Putinga 50 kun vaqt berdi. Ammo bosqinni to‘xtatish uchun qo‘yilgan bu vaqt ichida Kremldan kutilgan qadamlar tashlanmadi. Iyul oyining so‘nggi kunlaridan birida AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Donald Trampning sabri tugagani haqida gapirdi. Ko‘p o‘tmay Tramp Shotlandiyaga safar qildi va Putinga bergan 50 kunlik muhlatini 10 kunga qisqartirishini e’lon qildi. Hammasi shundan boshlandi. Tramp bosqinni bas qilish uchun berilgan muhlat ichida natija bo‘lmasa, Rossiyaga ikkilamchi sanksiyalar qo‘llash orqali uni eng yaqin hamkorlaridan izolyatsiya qilish bilan tahdid qildi. Shundan so‘ng, Peskovdan har doimgidek biroz yumshoqroq bayonot yangradi. Ammo Trampning Shotlandiyada aytgan gaplaridan bir zum o‘tib, allaqachon dunyodagi eng madaniyatsiz siyosatchilardan biriga aylangan va siyosiy etiketga to‘g‘ri kelmaydigan so‘zlarni saralamasdan o‘zining Telegram-kanali hamda tarmoqlardagi sahifalarida yozishga odatlangan Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev jangga kirishib ketgandi.
Medvedev dastlab X'da Trampning 50 yoki 10 kunlik muhlatlariga nisbatan munosabat bildirib, AQSH tomoniga ikkita eslatma qoldirdi. U Rossiya Isroil yoki hatto Eron ham emasligi va har bir ultimatum Ukraina bir chetda qolib, Rossiya va AQSH o‘rtasidagi urush uchun tashlangan qadam ekanini takidladi. Va tvit oxirida amerikalik siyosatchilarga “uyquchi Jo Bayden” yo‘lidan ketmaslikni maslahat berdi.
Amerikalik senator, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni joriy qilish haqidagi takliflarning bosh tashkilotchisi, ayni paytda Trampga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan eng kuchli shaxs sifatida ko‘riladigan Lindsi Grem esa Trampning ushbu muhlati bilan hazllashmaslikni va tezroq muzokara stoliga o‘tirishni tavsiya qilib, tez orada AQSH tepasida Bayden emas, boshqa shaxs turganini anglashlariga kafolat berdi. Medvedev esa bunga javoban Grem va Trampni chollar deb atadi va muzokara boyicha aql o‘rgatmaslikni bildirdi.
“Muzokaralar stoliga qachon o‘tirishni belgilash sizga yoki Trampga qolmadi. Muzokaralar harbiy amaliyotimizning barcha maqsadlariga erishilganda yakunlanadi. Birinchi navbatda Amerika uchun ishlang, bobolar!” degan Medvedev.
Shundan so‘ng, 7 oylik prezidentlik davrida asosan ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistlardan tortib o‘zining yaqin ittifoqchilarigacha urushib chiqqani bilan esda qolayotgan Donald Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida Medvedevning gaplariga javoban uni muvaffaqiyatsiz prezident deb atadi va o‘zini davlat rahbaridek tutmaslikni maslahat berdi.
“Rossiyaning muvaffaqiyatsiz sobiq prezidenti, o‘zini hali ham davlat rahbari deb hisoblaydigan Medvedevga ayting, tilini tiysin. U juda xavfli hududga kirib bormoqda!” deb qayd etdi Tramp.
Tramp o‘z posti davomidan Hindistonga qarshi qo‘shimcha boj stavkalari joriy qilish masalasini ham ko‘ngdalang qo‘ydi. Chunki Rossiyaga qo‘llamoqchi bo‘lgan jazo choralarining asl maqsadi ham shu edi. Rossiya energetika resurslarining eng yirik xaridorlariga 100 foizlik boj belgilash. Negadir rasmiy Nyu-Dehli bu masalada eng birinchilardan bo‘lib tilga olindi. Shundan so‘ng Tramp Rossiyani iqtisodi o‘lgan davlat deb atadi.
“Hindistonning Rossiya bilan nima qilishi menga qiziq emas. Ular birgalikda o‘lik iqtisodlarini yo‘q qilishlari mumkin, menga farqi yo‘q... AQSH Rossiya bilan deyarli savdo qilmaydi. Keling, shunday bo‘lib qolsin”, deb yozgan Tramp.
Medvedev esa Trampning bu bayonotini ham javobsiz qoldirmadi. U agar Rossiya sobiq prezidentining ba’zi so‘zlari dahshatli AQSH Prezidentida shunday asabiy reaksiyaga sabab bo‘lsa, demak, Rossiya hamma narsada haq va o‘z yo‘lidan borishda davom etadi”, deb yozib qoldirdi o‘zining so‘nggi yillardagi eng asosiy ishi bo‘lgan Telegram-kanalida. Shuningdek, u mavjudligi shubhali bo‘lgfan “o‘lik qo‘l” tizimi haqida so‘z ochdi va uning qanchalik xavfli bo‘lishi mumkinligi haqida yozdi. Medvedev bu gap bilan “Qiyomat kuni mashinasi” yoki “O‘lik qo‘l” deb nomlanuvchi “Perimetr” tizimini nazarda tutganini hamma angladi. Bu Rossiya hududiga yadroviy zarba berilganda, uning yuqori rahbariyati halok bo‘lib, qaror markazlari bilan aloqa to‘xtagan paytda AQSH hududiga yadroviy raketalar uchirish nazarda tutilgan avtomatik tizimdir. Ya’ni, bir zumga markaziy harbiy qo‘monlik bilan aloqa uzilsa, AQSH zudlik bilan nishonga aylanadi. Strategik raketa kuchlari esa Sovet davrida yaratilgan bunday tizim hozirda haqiqatan ham mavjudligini da’vo qiladi.
Rossiya yaqinida 2 ta yadro suvosti kemasi
1 avgust kuni Donald Tramp o‘zining Truth Social'dagi sahifasida AQSHning ikkita yadroviy suvosti kemasi Rossiya suvlariga yaqin joyga olib borilishini ma’lum qildi, ammo ular yuboriladigan aniq lokatsiyalar haqida hech narsani ochiqlagani yo‘q. Bu bilan u Amerikaning yadro qudratiga oid keskin bayonotlar berishni boshladi va xorij OAVlari takidlayotganidek, “yadroviy zina”ga ilk qadamlarni tashladi.
“Rossiya sobiq prezidenti, hozirda Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari bo‘lgan Dmitriy Medvedevning nihoyatda tajovuzkor bayonotlariga javoban, men ikkita yadro suvosti kemasini tegishli hududlarga joylashtirishni buyurdim. Ehtimol bu tentakona gaplar shunchaki so‘z bo‘lib qolmasligi mumkin. So‘zlar juda muhimdir va ko‘pincha kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Umid qilamanki, bu holat ana shundaylardan biri bo‘lib chiqmaydi” deb yozdi Tramp.
O‘sha kuni “Newsmax” telekanaliga bergan intervyusida esa Tramp AQSHning atom suvosti kemasi Rossiyaga yaqinroq joylashtirib bo‘linganiga ishora qildi. Xo‘sh, Rossiyaga qo‘yilgan 10 kunlik ultimatum, boj tahdidi va unga qarshi bildirilgan fikrlarning oxirgi nuqtasi yadroviy shantajga borib taqaldi. Ammo bu gap-so‘zlar va tahdidlar mashhur siyosatchilar ichidagi ikki nafar eng ashaddiy ijtimoiy tarmoq qirollari tomonidan yangragani tufayli jiddiy tuyulmasligi mumkin. Biri shaxsan o‘ziga qarashli butun boshli bir platformada, boshqasi esa X va Telegram'da birovga gap bermaydi. Ko‘pchilik allaqachon aynan shu sababdan ushbu yadroviy shantajning darajasi va xavfini o‘tgan asrdagi o‘ta keskin yadroviy inqirozga tenglashtirmayapti.
Biroq “The Telegraph” ushbu qarorni sovuq urush davridan beri AQSH Prezidentlari tomonidan ochiqchasiga qabul qilingan eng jiddiy qadam deb atadi. Nashrga ko‘ra, hatto sovuq urush chog‘ida ham biror prezident AQSH atom suvosti kemalarini Rossiya suvlariga yaqinlashtirishini ochiqlamagan. Shunga qaramay, Trampning odatiy “donkixotsimon” boshqaruv uslubi sababli jamoatchilik orasida jiddiy vahima yo‘q va bu holat ikkinchi Karib inqirozi emas, deya takidlanmoqda.
Ma’lumot uchun, Karib inqirozi 1962 yil oktyabr oyida AQSHning Turkiyada “Yupiter” raketalarini joylashtirgani ortidan SSSR Kubada yadro qurolli raketalarni yashirincha o‘rnatishga uringani sabab yuzaga kelgan edi. Ikki davlat o‘rtasidagi bu inqiroz tarixdagi eng xavfli yadro to‘qnashuvi yoqasiga olib kelgan bo‘lib, oxir-oqibat SSSR rahbari Nikita Xrushchov va AQSH prezidenti Jon Kennedi o‘rtasidagi muloqot orqali hal bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda, o‘shanda ular dunyoni tasavvur qilib bo‘lmas halokatdan qutqarib qolgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr