Tramp Maskdan Ukrainada Starlink cheklovlarini olib tashlashni so‘radi – WSJ

Olam

−

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp amerikalik milliarder Ilon Maskka qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainada Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimining harbiy versiyasi – Starshield faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashni so‘radi. Ko‘p o‘tmay, tizim odatdagi ish rejimiga qaytdi. Bu haqda manbalarga tayanib “The Wall Street Journal” xabar berdi.

Nashr manbalarining aytishicha, Tramp tizim faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlardan norozi bo‘lgan. O‘sha paytda Starlink dronlarning soatiga taxminan 160 kilometrdan yuqori tezlikda harakatlanishiga imkon bermayotgan edi. Natijada Ukrainaning ayrim zarba beruvchi va Rossiya dronlarini tutib qolish uchun mo‘ljallangan uchuvchisiz apparatlari samarali ishlamay qolgan.

“The Wall Street Journal”ning yozishicha, Tramp va Mask o‘rtasidagi suhbat nashrning Starlink faoliyatiga cheklov qo‘yish haqida aynan Mask buyruq bergani haqidagi maqolasidan keyin bo‘lib o‘tgan.

Tramp keyinchalik Mask cheklovlarni olib tashlaganini tasdiqlagan. Jurnalist undan Maskka qo‘ng‘iroq qilib, cheklovlarni bekor qilishni so‘raganmi, deb so‘raganida, u bu masalani izohlashni istamagan. Shu bilan birga, eng muhimi, tizim avvalgi holatiga qaytarilganini ta’kidlagan.

“The Economist” jurnalisti Oliver Kerrollning ma’lum qilishicha, Ukraina Qurolli kuchlarining frontdagi dron bo‘linmalari qo‘mondonlari ham Starlink faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlanganini bildirgan. Ularning ta’kidlashicha, tekshiruvlar hali davom etmoqda, biroq tizim odatdagi rejimda ishlayotganga o‘xshaydi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 oktyabr kuni Ukraina harbiylari Starlink’ning harbiy versiyasi – Starshield terminallari faoliyatida muammolar yuzaga kelganini ma’lum qilgandi. Dronlar soatiga 160 kilometrdan yuqori tezlikda harakatlanganda aloqa uzilib qolgan. Shundan so‘ng, Ilon Mask Ukraina harbiylari foydalanayotgan Starlink aloqa tizimi tezligini pasaytirishga buyruq bergani haqida xabarlar tarqalgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing