Tramp Xomanaiy o‘limidan keyin soddalashtirilgan diplomatik yechimni e’lon qildi
Olam
−
01 mart 11197 3 daqiqa
Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘limi Eron bilan diplomatik muloqot yo‘lini ochdi va mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal qilishni osonlashtirdi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp CBS News telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Bugun kechagiga qaraganda ancha oson. Chunki ular (Eron) qattiq zarbalarni qabul qilib olmoqda”, degan Tramp inqirozni diplomatik yo‘l bilan hal qilish istiqbollari haqidagi savolga javoban.
U 28 fevral kuni Eronga berilgan zarbalarni “bu mamlakat uchun ham, butun dunyo uchun ham buyuk kun” deb atagan.
Avvalroq, CBS News manbalariga tayanib, AQSH va Eron o‘rtasidagi hujumlar oqibatida qariyb 40 nafar eronlik amaldor halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.
Eron davlat televideniyesi mamlakat oliy rahbari Ali Xomanaiy halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Shu munosabat bilan mamlakatda 40 kunlik motam e’lon qilingan hamda bir haftalik dam olish kunlari belgilangan.
Keyinchalik, Eron Prezidenti ma’muriyati Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti javobsiz qolmasligini bildirdi va mamlakat tarixdagi eng dahshatli hujumga tayyorlanayotganini aytdi.
Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga “immunitet” olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Live
Barchasi