Tramp kelasi oyda Si Szinpin bilan uchrashishi mumkin
Olam
−
07 Sentabr 3246 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoy Raisi Si Szinpin bilan Janubiy Koreyada 31 oktyabr-1 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammitida uchrashishi mumkin. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, CNN xabar berdi.
Uch nafar AQSH ma’muriyati vakiliga ko‘ra, bu borada jiddiy muhokamalar olib borilmoqda, biroq aniq reja hozircha yo‘q.
Qayd etish joiz, oldinroq Si Szinpin Tramp va uning rafiqasi Melaniyani Xitoyga taklif qilgan va Tramp bu taklifni qabul qilib, tashrif buyurishi mumkinligini aytgan.
Amerikalik amaldorlarning nashrga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning Janubiy Koreyaga safarida asosiy e’tibor iqtisodiy hamkorlikka qaratiladi. Shu bilan birga, savdo, mudofaa va fuqarolik atom energetikasi bo‘yicha ham muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Manbalarga ko‘ra, AQSH ma’muriyati bu uchrashuvni mamlakat iqtisodiyotiga ko‘proq investitsiyalar jalb qilish imkoniyati sifatida ham ko‘rmoqda.
Qolaversa, Xitoy OAVlari ham Trampning APEC sammiti doirasida Si Szinpin bilan uchrashishi ehtimoli haqida yozgan.
2025 yil bahorida Trampning Oq uyga qaytishidan so‘ng, AQSH-Xitoy munosabatlari keskin sovuqlashib ketdi. Vashington Xitoy mahsulotlariga bojlarni keskin oshirdi, Pekin ham xuddi shunday javob berdi. May–iyun oylarida Jeneva va Londonda bir necha raund muzokaralar bo‘lib o‘tdi va tomonlar 90 kunga bojlarni kamaytirishga kelishib, vaqtinchalik sulhga erishdi. Ammo keyinchalik muzokaralar yana boshi berk ko‘chaga kirib qoldi va tomonlar bir-birini shartlarni buzishda aybladi.
Avgust oyida Xitoy AQSHni “sovuq urush mentalitetida” aybladi va Vashington bosimi fonida o‘z manfaatlarini himoya qilishga tayyor ekanini bildirdi. AQSH Moliya vaziri Skott Bessant esa sulh bo‘yicha jarayon sekinlashganini qayd etdi hamda yangi kelishuv uchun ikki davlat rahbarlarining bevosita ishtiroki zarurligini aytdi.
Ma’lumot uchun, APEC 1989 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 21 ta mamlakat iqtisodiyotini birlashtiradi. U xalqaro tashkilot maqomiga ega bo‘lmasa-da, mintaqada savdo hamkorligini rivojlantirish uchun muhim maydon hisoblanadi. 2025 yilda sammitga raislik qilish huquqi Janubiy Koreyaga o‘tgan.
Qayd etish joiz, Tramp AQSHning boshqa mamlakatlar bilan muomilasi sovuqlashishiga ham Xitoyni ayblab keladi. Bu Xitoy poytaxtida bo‘lib o‘tgan harbiy paradda yaqqol ko‘zga tashlandi. Tramp tadbirni kuzatganini aytdi. Keyinroq esa Truth Socialʼda Si Szinpindan Putinga va Kim Chen Inga “AQSHga qarshi fitna qurayotganingizda eng samimiy tilaklarimni yetkazing” deya so‘rab, post joyladi. Bunga javoban Kreml AQSH Prezidentining “fitna” haqidagi so‘zlarini kinoya yoki ko‘chma ma’noda aytilgan bo‘lishi mumkin deb hisoblashini ma’lum qildi. Xususan, Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov “hech qanday fitna hech kim tomonidan rejalashtirilmaganini” aytdi. Qolaversa, Tramp o‘z tarmog‘ida Xitoy sababli Rossiya va Hindistonni yo‘qotganini ham aytdi.
Live
Barchasi