Tramp Kanadaning ko‘lini ham “o‘zlashtirdi”. Endi navbat okeanga
Olam
−
10:17 2124 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Kanada bilan davom etayotgan savdo urushi fonida Ontario ko‘lining nomini “Amerika ko‘li” (Lake America) deb o‘zgartirish to‘g‘risida farmon imzoladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Trampning qarori ko‘lning AQSH federal idoralaridagi nomlanishiga taalluqli. Shuningdek, Kanada yoki xalqaro tashkilotlar ushbu nomdan foydalanishga majbur emas.
Tramp kecha, 27 avgust kuni Oq uyning Oval kabinetida jurnalistlarga Ontario ko‘li nomi darhol “Amerika ko‘li”ga o‘zgartirilishini aytgan.
“Bu nomni o‘zgartirish haqida aslida anchadan beri o‘ylab kelganman”, degan Tramp.
Ma’lumot uchun, ko‘l suv yuzasining qariyb 52 foizi Kanada, qolgan qismi esa AQSHning Nyu-York shtati hududiga to‘g‘ri keladi. Ontario ko‘lining hozirgi nomi 400 yildan ortiq tarixga ega.
Kanada Bosh vaziri Mark Karni esa ko‘l nomining o‘zgartirilishini tan olmasligini bildirgan.
“Kanadaliklar haqiqatni nomlash nimani anglatishini biladi: bu Ontario ko‘li deb ataladi – hozir ham, bundan keyin ham”, degan Karni.
AQSHning Nyu-York shtati gubernatori Keti Xokul ham Trampning qarorini qo‘llab-quvvatlamagan.
“Nyu-York uni bunday deb atamaydi”, deb yozgan gubernator.
Vermont shtati gubernatori Fil Skott esa qarorni “arzimas va hafsalani pir qiladigan” deb atagan.
Kvebekdagi Vendat millati boshlig‘i Per Pikar ham Trampning qarorini qoralagan. Uning aytishicha, “Ontario” nomi vendatlar tilidan kelib chiqqan bo‘lib, “go‘zal ko‘l, buyuk ko‘l” degan ma’noni anglatadi.
“Prezident Tramp bizning tariximizni o‘chirishga urinmoqda”, degan Pikar.
Tramp esa Kanada bilan munosabatlar fonida Atlantika va Tinch okeanlarining nomini ham o‘zgartirish mumkinligini aytgan.
“Bizda qo‘ltiq va ko‘l bor. Endi bizga faqat okean kerak”, degan AQSH Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozini AQSH hududi deb e’lon qilgandi.
Live
Barchasi