Tramp qayta saylansa, millionlab muhojirlarni AQSHdan haydamoqchi
Olam
−
12 fevral
7106Amerika Qo‘shma Shtatlarining sobiq prezidenti Donald Tramp joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, millionlab noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilmoqchi. Buning uchun u hukumatning barcha darajadagi huquq-tartibot idoralari xodimlarini jalb qilmoqchi. Bu haqda ismi oshkor etilishini xohlamagan manbaga tayanib, “Axios” portali xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, deportatsiya rejasini amalga oshirish uchun Tramp ham federal, ham mahalliy huquq-tartibot idoralari vakillarini, jumladan, immigratsiya rasmiylari, Federal qidiruv byurosi, shuningdek, Narkotiklarga qarshi kurash boshqarmasi va prokuraturani jalb qilmoqchi. Portal suhbatdoshining ta’kidlashicha, deportatsiya chegarani ota-onasisiz kesib o‘tgan voyaga yetmagan migrantlarga kafil bo‘lganlarga ham ta’sir qiladi.
Qayd etilishicha, protsedura AQSH immigratsiya qonunchiligining munozarali qoidalari, jumladan, AQSH rasmiylariga 1930 yillarda meksikaliklarni majburan vataniga qaytarishga imkon bergan qoidalar asosida amalga oshiriladi.
“Axios” hisob-kitoblariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda yashovchi 4 millionga yaqin meksikaliklar, shuningdek, mamlakatga noqonuniy kirgan 2,2 millionga yaqin markaziy amerikaliklar deportatsiya qilinishi mumkin. Bundan tashqari, chegarani noqonuniy kesib o‘tgan va AQSHda ikki yildan ortiq yashayotganini isbotlay olmaganlar ham deportatsiya qilinadi.
“Tramp chegara hududida deportatsiyani kutayotgan muhojirlarni saqlash uchun maxsus zonalar qurishni ham rejalashtirmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etish joizki, Donald Trampning o‘zi ham, agar qayta saylansa, birinchi navbatda Amerika chegarasini yopish va noqonuniy muhojirlarni ommaviy deportatsiya qilishni tashkil etish niyatida ekanini bir necha bor aytgan.
LiveBarchasi