Tramp ikki shtatdagi ovozlarni qayta sanatmoqchi
Olam
−
20 noyabr 2020
3751Qo‘shma Shtatlarning amaldagi Prezidenti Donald Tramp Respublikachilar partiyasining yuqori martabali a’zolari yordamida ba’zi shtatlarda saylovchilar ovozlarini uning foydasiga qayta ko‘rib chiqilishini xohlamoqda. Bu haqda “Reuters” vaziyatdan xabardor bo‘lgan uchta manbaga asoslanib xabar berdi.
Agentlik manbalarining aytishicha, AQSHning bir necha shtatlaridagi sudlar ovozlarni ko‘rib chiqishni rad etishganidan so‘ng, Tramp nufuzli respublikachi qonunchilar orqali harakat qilishga qaror qilgan. Xususan, saylov byulletenlarini hisoblashning dastlabki natijalariga ko‘ra, Jo Bayden g‘olib bo‘lgan Michigan va Pensilvaniya shtatlari e’tibor markazida bo‘lib turibdi.
“Reuters” agentligining Tramp saylovoldi kampaniyasidagi manbasining aytishicha, prezidentning strategiyasi an’anaviy ravishda demokratlarga ovoz beradigan yirik shaharlarda byulletenlarni sanash masalasida bir qator savollar berishdan iborat. Shundan so‘ng, mahalliy respublikachilar qonun chiqarishga aralashishdan va ehtimol, saylovchilarni amaldagi Prezidentga ovoz berishga ishontirishdan boshqa iloji qolmaydi.
18 noyabr kuni Pensilvaniya Oliy sudi Trampning ovozlarni qayta hisoblash bo‘yicha da’vosini rad etdi. Sudyalarning ko‘pchiligi – yettitadan beshtasi da’volarning samarasizligini ma’lum qilgan.
Ertasi kuni Trampning shtab-kvartirasi Michigan shtatidagi xuddi shunday da’voni qaytarib oldi. Amerika rahbarining advokati Rudolf Julianining aytishicha, amaldagi Prezident jamoasi xohlagan narsasiga erishgan va Ueyn okrugida saylov natijalarini rasmiy tan olish jarayonini to‘xtatgan.
Ommaviy axborot vositalarining so‘nggi xabarlariga ko‘ra, saylovlarda Bayden 306, Tramp esa 232 ta ovozga ega. Prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lish uchun 270 ovoz yetarli. Agar amaldagi Prezident Pensilvaniya va Michigan shtatidagi saylov natijalarini ko‘rib chiqishga muvaffaq bo‘lsa, u 36 ta ovoz oladi. Mana shunday taqdirda u 268 saylovchining ovoziga ega bo‘ladi. Ushbu natija ham saylovlarda g‘alaba qozonish uchun etarli emas.
Umidjon Nozimjonov
LiveBarchasi