Tramp G‘azoda Tinchlik kengashi tuzilganini e’lon qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 15 yanvar kuni G‘azo sektorini qayta tiklash ishlarini boshqaruvchi Tinchlik kengashi tuzilganini ma’lum qildi. Ushbu tuzilma tashkil etilishi Trampning G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining muhim qismi bo‘lib, reja xalqaro kuchlarni joylashtirish masalasini ham o‘z ichiga oladi. Bu haqda Oq uy yetakchisi o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirgan. 

AQSH yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, Tinchlik kengashiga Trampning shaxsan o‘zi raislik qiladi.

“Men Tinchlik kengashi tashkil etilganini e’lon qilishdan juda ham mamnunman. Kengash tarkibi yaqin kunlarda e’lon qilinadi, biroq ishonch bilan ayta olamanki, bu istalgan joyda va istalgan vaqtda tuzilgan eng buyuk va eng nufuzli kengash bo‘ladi”, deya yozgan Oq uy rahbari. 

OAVga ko‘ra, Tinchlik kengashi tuzilgani haqidagi xabar G‘azoda urushdan keyingi kundalik hayotni boshqarish uchun 15 kishidan iborat ma’muriyat tashkil etilgani e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay ma’lum qilindi. Ushbu ma’muriyat Tinchlik kengashi nazorati ostida faoliyat yuritadi.

“Tinchlik kengashi raisi sifatida men yangi tayinlangan texnokratik hukumatni qo‘llab-quvvatlayman”, deya ta’kidlagan Oq uy rahbari. 

“The Telegraph” gazetasi xabariga ko‘ra, Tinchlik kengashi tarkibiga Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Misr va Turkiya vakillari kirishi mumkin.

14 yanvar kuni AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff Tramp nomidan G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish jarayonining ikkinchi bosqichi boshlanganini e’lon qilgan edi. Ushbu bosqich, jumladan, HAMASni qurolsizlantirish hamda Falastin politsiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida G‘azo sektoriga xalqaro kuchlarni joylashtirishni nazarda tutadi.

Dekabr oyida HAMAS harakati ma’lum shartlar asosida qurolni topshirishga tayyorligini bildirgan edi. Xususan, Hamas Isroil qo‘shinlari G‘azo sektoridan to‘liq olib chiqilishi sharti bilan bunga rozi bo‘lishini ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, HAMASning 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroilga qilgan hujumi Yaqin Sharqdagi keskinlashuvning boshlanish nuqtasi bo‘ldi. O‘shanda guruh a’zolari Isroil hududiga raketa zarbalari yo‘llab, mamlakat hududiga bostirib kirgan hamda zamonaviy Isroil tarixidagi eng yirik ommaviy qirg‘inni amalga oshirgan. Oqibatda qariyb 1200 kishi halok bo‘ldi, 250 ga yaqin odam garovga olinib, G‘azoga olib ketildi. Keyinchalik garovdagilarning bir qismi almashuv yo‘li bilan ozod qilindi, ayrimlari esa halok bo‘ldi.

Bunga javoban Isroil HAMASga qarshi urush e’lon qildi. G‘azo sektorida o‘tkazilgan quruqlik operatsiyalari va bombardimonlar oqibatida 70 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 169 mingdan ziyod kishi yaralangan


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Oq uy G'azo HAMAS Tinchlik kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing